Jamiyatning iqtisodiy negizini mulk tashkil etadi. Shuningdek, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi ham mulk bilan, mulkning kimlarga tegishli ekanligi bilan belgilanadi. Mulksiz ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirishning, mamlakatda xalq faravonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning iloji yo‘q.
Mulk ijtimoiy hayotning barcha sohalarida amalga oshiriladigan harakat manbaidir.
Xususiy mulk huquqi mulkdorning ashyo yoki boshqa moddiy va nomoddiy ne’matlar ustidan davlat tomonidan kafolatlangan va jamiyat manfaatlari yo‘lida chegaralangan hukmronligidir.
Xususiy mulkdor o‘ziga qarashli mol-mulkdan o‘z xohishi bilan o‘z manfaatlarini ko‘zlab har qanday tarzda foydalanish huquqini kafolatlangan (FK 164-modda).
Jumladan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
65-moddasida jamiyatning iqtisodiy negizlari belgilangan bo‘lib, ya’ni fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi.
Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xususiy mulkning daxlsizligini ta’minlash, turli tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, mulkdorlar sinfini qo‘llab-quvvatlash, o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish - huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir.
Odil Egamberdiyev,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarbdor tumanlararo sudi raisi