Korrupsiya: unga qarshi kurash sohasida yangi bosqich
«Korrupsiya» atamasining etimologik jihati xususida turli fikrlar mavjud. Keng ommalashgan birinchi fikr tarafdorlariga ko‘ra, «korrupsiya» atamasi lotincha «corruptio» so‘zidan olingan bo‘lib, «pora evaziga og‘dirish» degan ma’noni anglatadi.
Ayrim adabiyotlarda esa mazkur atama lotincha «corrumpere» (buzilish, aynish, tanazzul), boshqa adabiyotlarda lotincha «cor- ruptum» (singan, buzilgan) so‘zidan kelib chiqqani va shaxsiy hamda korporativ foyda yo‘lida jamoat manfaatlariga putur etkazishni anglatishi qayd etilgan. Korrupsiyaga qarshi jiddiy va keskin kurash olib borishni vaziyatning o‘zi taqozo etmoqda. Qaysi bir sohada rivojlanish, taraqqiyot ro‘y bermayotgan ekan, uning asl sababi korrupsiyaga borib taqaladi.
Korrupsiya mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lidagi jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Dunyoning ilg‘or davlatlari korrupsiyaga qarshi milliy darajadagi chora-tadbirlarni qo‘llash bilan bir qatorda, xalqaro miqyosdagi dasturlarni amalga oshirishda ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining hisob-kitoblariga ko‘ra, korrupsiya tufayli jahon iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 1,5-2 trillion AQSH dollari miqdorida zarar ko‘radi.
Korrupsiya xalqning davlat va uning organlariga bo‘lgan ishonchiga putur etkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning vujudga kelishi va chuqurlashishiga sabab bo‘ladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov jinoyatchilik va korrupsiyaga xavfsizlikka tahdid soluvchi omillardan biri sifatida baho berib, «jinoyatchilik va korrupsiya jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini emiradi. Jamiyat a’zolarining fuqarolik mavqeini yo‘qqa chiqaradi. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga salbiy munosabat vujudga kelishi uchun sharoit yaratadi», deya ta’kidlagan edi.
Konstitutsiyamizning 2-moddasiga ko‘ra, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar. Korrupsiya mazkur konstitutsiyaviy qoidaga ziddir. Shunday ekan, davlat va uning organlari davlatning konstitutsiyaviy asoslariga rahna solishi mumkin bo‘lgan bunday huquqbuzarliklarga qarshi barcha kuch-imkoniyatini ishga solishi kerak.
Yaqinda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha juda muhim ikki hujjat — «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun va Prezidentimizning «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘zining saylovoldi ma’ruzalaridan birida «bugungi kundagi yana bir ustuvor vazifamiz — mamlakatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan yovuz illat, ya’ni korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarlikning oldini olish masalalarini samarali hal etishdan iborat» ekanini alohida ta’kidlagan edi. Mazkur qonun hujjatlari qabul qilingani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangani oldimizga qo‘yilgan ezgu maqsadlarga erishish yo‘lidagi izchil harakat sifatida baholash mumkin.
Bunga qadar respublikamizda korrupsiyaga qarshi qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan, choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da, davlat boshqaruvini xalq oldida obro‘sizlantiruvchi bu huquqbuzarlikka qarshi tizimli va samarali kurash uchun zarur bo‘lgan bir qator omillar etishmayotgan edi. Bu ko‘p jihatdan sohaga oid huquqiy normalarning etarli darajada takomillashmagani, hatto korrupsiya tushunchasi qonunchilikda aniq-ravshan belgilanmagani, qonunlarda bu boradagi siyosat, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar aniq ko‘rsatib o‘tilmaganiga borib taqalardi. Maxsus qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda bu illatga qarshi tizimli kurash olib borishning qonuniy asoslarini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Qonun bilan tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyati hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy prinsiplari sifatida belgilab qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qonun darajasida mustahkamlandi.
Qonun normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida Prezident qarori bilan 2017—2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Davlat dasturi 51 banddan iborat chora-tadbirlarni qamrab olgan. Unda korrupsiyaga bevosita yoki bilvosita qarshi qaratilgan, uning tizimli sabablari va sharoitlarining oldini olishga yo‘naltirilgan 10 ta qonun, bir qator qonunosti hujjatlari, chora-tadbirlar rejalari loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish, turkum targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori rahbarlik qiladigan nufuzli tarkibda shakllantirilgan. Komissiya tarkibiga parlament a’zolari, bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari, olimlar bilan birga fuqarolik jamiyati instituti a’zolari kiritilgani komissiya faoliyatini samarali tashkil etish, davlat tashkilotlarida uchraydigan korrupsiyaviy holatlarni uchinchi sektor vakillari bilan hamkorlikda aniqlash va bartaraf qilish imkonini beradi.
Ingliz-irland davlat arbobi Edmund Berk «korrupsiya barq urayotgan jamiyatda ozodlik uzoq vaqt hukm surishi mumkin emas» degan fikrni bildirgan edi. Darvoqe, butun tarix davomida mamlakatlar o‘z mustaqilligini boy berishiga nafaqat jangu jadallardagi mag‘lubiyatlar, balki amaldorlarning sotqinligi, o‘z manfaatlarini jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘ygani, ya’ni korrupsiya ham sabab bo‘lgan. Demak, korrupsiyaga qarshi kurashish ayni paytda mustaqilligimizni mustahkamlash, vatanimizning ozodligi va obodligini ta’minlash uchun ham hayotiy zaruratdir.
Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hayati sudyasi
N.Ernazarov
Jinoyat ishlari bo'yicha Zarbdor tuman sudining raisi
Sh.X.Mirzaaxmedov