Odam (chaqaloq) savdosi bilan bog‘liq jinoiy holatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish Insonning nechog‘lik qadri baland va ulug‘ mavjudot ekanligi ma’lum. U tabiat boyliklaridan lazzatlanishi, sog‘-salomat, kuchli va aqlli bo‘lishi uchun, o‘zini-o‘zi asrab avaylashi, himoya qilishi hamda shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishi lozim. Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sharoitida xavfsizligimizga hamda ijtimoiy-ma’naviy barqarorligimizga rahna soluvchi illatlardan biri bo‘lgan odam savdosi – bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylandi. Zero, bizning siyosiy va iqtisodiy sohalardagi barcha islohotlarimizning pirovard maqsadi yurtimizda yashayotgan barcha fuqarolar uchun munosib hayot sharoitlarini tashkil qilib berishdan iborat. Aynan shuning uchun ham ma’naviy jihatdan mukammal rivojlangan insonni tarbiyalash, ta’lim va maorifni yuksaltirish, milliy uyg‘onish g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish davlatimizning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. O‘zbekistan Respublikasi Konstitusiyasining 24-moddasida, «Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir», – deb e’tirof etilgan. Bugungi kunda odam (chaqaloq) savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr ko‘ruvchilarning ham muddaolari mushtarak. Ya’ni, yengil yo‘l bilan daromad topish istagida jinoyat sodir etish – ikki toifadagi odamlarni ham halokat domiga tortmoqda. Keyingi yillarda odam (chaqaloq) savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan bo‘lsa, dunyoning qator mamlakatlarida bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami ham shunchalik kengaymoqda. Oradan yillar o‘tgan sari odam savdosiga qarshi kurash dunyoning barcha mamlakatlarida amalda bo‘lmasin, bu muammo bizni hozirgi kunda ham qattiq tashvishga solmoqda. Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan odam (chaqaloq) savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, davlatimiz 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan «Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyaga qo‘shildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyaga hamda odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha hujjatlar imzolandi. 2008 yilning 17 aprelida «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning hamda 2008 yilning 8 iyulida «Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori bilan yuqoridagi qonun normalari amalga yanada samarali tadbiq etilmoqda. Odam (chaqaloq) savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Idoralararo komissiyaning keng faoliyat yuritishi, jinoyatchilarni fosh etish va jinoyat qurbonlarini himoyalash va ularga yordam ko‘rsatish masalalarini yanada takomillashtirib, uni amaliyotga keng tadbiq etgan holda, xalqaro miqyosda amalga oshirsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hayati sudyasi
N.Ernazarov
Jinoyat ishlari bo'yicha Zarbdor tuman sudining raisi
Sh.X.Mirzaaxmedov