MA’MURIY ISLOHOTLAR NATIJASIDA QISQATRITILADIGAN LAVOZIM (SHTAT)LAR BO‘YICHA MEHNAT SHARTNOMALARINI BEKOR QILISH QANDAY AMALGA OSHIRISH LOZIM
Mehnat kodeksi (MK)ning 102-modda ikkinchi qismining 1-bandiga ko‘ra – xodimlar soni (shtati) yoki korxonaning tugatilishi munosabati bilan ish beruvchi xodimni kamida 2 oy oldin yozma ravishda (imzo chektirib) mehnat shartnomasi bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirishi lozim.
MKning 102-moddasi 2-qismiga ko‘ra – ikki oylik ogohlantirish muddati xodim bilan ish beruvchining kelishuvi asosida pullik kompensatsiyaga almashtirilishi mumkin.
MKning 102-moddasi 6-qismga asosan:
a) ikki oylik ogohlantirish muddati davomida xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida bir kun, shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi;
b) xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti 2 oylik ogohlantirish muddatiga kirmaydi.
Mehnat shartnomasi xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi sababli bekor qilingan hollarda ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi.
Bunda, ishdan bo‘shatish nafaqasiIshdan bo‘shatish nafaqasi MKning 109-moddasiga ko'ra to‘lanadi.
Xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsalar, mahalliy mehnat organi bergan ma’lumotnomaga binoan 3-oy uchun ham oldingi ish joylaridan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladi.
Masalan:
Mehnat shartnomasi 1-martdan bekor qilinishi haqida xodim 1-yanvarda yozma tarzda ogohlantirildi. Taraflar kelishuvi asosida 2 oylik ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirildi va xodim bilan mehnat shartnomasi 1-yanvardan bekor qilindi. Bunda:
a) xodimga ogohlantirish muddatiga mutanosib ravishda 1-oy yanvar va 2-oy fevral oylari uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi;
b) bir oylik (yanvar uchun) ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘landi;
v) agarda xodim, ishga joylashmaganligini mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasi bilan tasdiqlasa MKning 67-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan 2-oy fevral uchun o‘rtacha oylik ish haqini mart oyida olish huquqiga ega bo‘ladi.
g) xodim, mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng o‘ttiz kalendar kun ichida, ya’ni 2-yanvardan 31-yanvargacha bo‘lgan muddatda mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa va aprel oyida bu to‘g‘risida mehnat organining ma’lumotnomasini taqdim qilsa, unga 3-oy (mart uchun) ham ilgarigi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.
E’tiborli jihati:
MKning 92-moddasiga muvofiq – xodimlar soni (shtati) qisqarganda ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni bunday ish bo‘lmagan taqdirda esa, korxonada mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart.
Bundan, xodim boshqa ishga o‘tishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish bo‘lmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin
Zarbdor tumani adliya bo‘limi Yuridik markazi bosh yuriskonsulti A.Abduvaitov