Hozirgi paytda zamonaviy texnologiyalar hayotimizda tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Bugun hatto bogʻcha tarbiyalanuvchisi ham mobil telefondan, undagi ilovalar va internetdan bemalol foydalana olishini guvohi bo‘lib turibmiz.
Katta-yu kichik orasida internetdan foydalanuvchilar, vaqtini koʻproq u bilan oʻtkazuvchilar ortyapti. Kelajak hayotni internet va hali kashf etilmagan yuqori texnologiyalarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Toʻgʻri, ular ijobiy va salbiy xususiyatlarga ega. Biroq yuksak texnolgiyalardan unumli foydalanmaslik yoki yoshlarga olaboʻji qilib koʻrsatish faqat va faqat zarar keltiradi, xolos.
Ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa messenjerlar axborot almashishda juda katta qulayliklar berdi. Turli shakldagi axborotlarni uzatishni keskin osonlashtirib yubordi. Yuborilgan maʼlumotlar messenjerlarning oʻzida saqlanishi sababli interneti bor istalgan joyda ulardan foydalanish mumkin, hatto oʻz qurilmangizdan oʻchirib yuborgan boʻlsangiz ham.
Bugun ilgʻor oʻqituvchilar ijtimoiy tarmoqlarning ana shu xususiyatidan ustalik bilan foydalanishyapti.
Aksariyat yoshlar o'zlarining qimmatli vaqtlarini behuda sarflab, ijtimoiy tarmoqlardan kun bo'yi foydalanishadi. Shu tariqa, ular deyarli barcha axborotga ega bo'lishadi va o'z dunyoqarashidan kelib chiqib, u yoki bu masalaga munosabat bildirishadi. Biroq bildirilgan munosabatlarning barchasini saviyali, ya'ni ma'naviyatli kishilarning fikri, deb bo'lmaydi, albatta. Ayniqsa, bugungi kunda etarli bilim va ko'nikmalarga ega bo'lmagan kimsalar ham to'g'ri yo noto'g'riligini o'ylab o'tirmasdan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan har qanday ma'lumot yuzasidan yoxud ba'zi masalalarga bilim va salohiyati etadimi, yo'qmi, bundan qat'i nazar, o'z fikrini bildirishadi. Yoki o'zlarining yozgan «asarlari» yo «maqola», «xabar», «she'r»larini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib, bir-birlarini ko'klarga ko'tarib maqtashadi.
Ayniqsa, tarmoqlarda shunday guruhlar ham paydo bo'lganki, foydalanuvchilar bir-birini maqtab ko'kka ko'tarishlari, shuningdek, kimlarningdir nomini loyga chaplashlari oddiy holga aylanib bormoqda. G'iybat ular uchun oddiy holga aylangan. Ba'zi kimsalar esa ijtimoiy tarmoqdan o'zlariga yoqmagan odamlarning obro'sini to'kish, erga urish, buning uchun bor imkoniyatidan foydalanishga harakat qilishadi. Ijtimoiy tarmoqlarni nazoratga olish imkoniyati yo'qligi bois, unda har qanday ishni qilish mumkin, deb o'ylashadi. erkin fikr aytish imkoniyatidan shunday yo'llar bilan foydalanish mumkin deganlar, saviyalari qay darajada ekanliklarini katta auditoriyaga shunday yo'llar bilan oshkor qilishadi. Shu sabab ko'pchilik bu tarmoqlarni yoqtirishmaydi. Lekin shunga qaramay, statistik ma'lumotlarga nazar solsak, dunyo yoshlarining 96 foizi ijtimoiy tarmoqlar vositasida o'zaro muloqotga kirishishmoqda.
Shuning uchun yoshlarimizni ijtimoiy tarmoqlardan to'g'ri foydalanishlarini targ'ib qilishimiz, "ommaviy madaniyat" ta'siriga tushib qolishining oldini olishimiz eng katta maqsadlsrimizdan biri bo‘lishi zarur.
O'zbekiston Davlat Jahon tillari Unversiteti talabasi,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi
Zarbdor tuman bo'linmasi amaliyotchisi
Isroilova Madina