Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan
Mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan yosh avlodni voyaga yetkazish, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish uchun zarur sharoit yaratish, o‘g‘il-qizlarning Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol topishiga ko‘maklashish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Inson madaniyati, ma’rifati uning aql-tafakkuri darajasi, ruhiy dunyoqarashini ko‘rsatadi. Unib o‘sib kelayotgan yoshlarning bilim, madaniyat, ma’rifat darajasi ularning ota-onalariga, shuningdek ustoz muallimlarga va ta’lim olayotgan maskanlariga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Jahon andozalariga mos ravishda barpo etilgan bolalar bog‘chalari, umumta’lim maktablari, akademik liseylar, kasb-hunar maktablari, kasb-hunar markazlari hamda oliy ta’lim muassasalarining zamonaviy usullarda jihozlanishi, moddiy-texnik ba’zalarining mustahkamlanishi, ilmga, kasb-hunarga chanqoq yoshlarimizning o‘z iste’dod va salohiyatlarini namoyon eta olishlariga, tanlagan mutaxassisilik, kasb-hunar sirlarini puxta egallashlariga keng yo‘l va imkoniyatlar ochmoqda.
Oldimizdagi turgan eng ezgu maqsadlarimiz-mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham, bularning barchasi avvalombor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizni Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligiga erishishdek oliy maqsadlarimiz ruhida tarbiyalashimizga bog‘liq.
Bizning asosiy vazifamiz-yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.
Mana shu maqsadlarni amalga oshirishda birinchi navbatda oila, ikkinchi navbatda ta’lim maskanlari va uchinchi navbatda mahalla turadi.
Mamlakatimizda kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, Vatanimizning munosib farzandlari bo‘lishi, zamonaviy ta’lim olishlari, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilib berilmoqda. Yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi bu soha davlatimizning ijtimoiy hayotidagi asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligidan dalolat beradi.O‘tgan vaqt mobaynida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli, bilimli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi. Mazkur sohani tubdan rivojlantirish maqsadida tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yildi. Ma’naviy –ma’rifiy jarayonlarni tashkil etishda yaxlit tizim shakllantirildi.Yoshlarni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish borasida idoralararo dasturlar asosida tashkiliy-amaliy va ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida,yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilindi.Istirohat bog‘lari, xiyobonlarda ijodiy kechalar, joylarda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik bayramlari, sport musobaqalari va boshqa ko‘ngilochar bilimga chorlaydigan tadbirlarni o‘tkazish aytildi va bu bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab tanlovlar, turli loyihalar o‘tkazilib kelinmoqda. Tanlovlarning o‘tkazilishidan maqsad: yoshlarni birlashtirish, ularni har tomonlama himoya qilish, jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun ko‘maklashishdir. Bu esa yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
2019 yil 19 mart kuni yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga yangi tizim asosida yondashish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bu orqali davlatimiz rahbari “Yoshlarimizni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalash, ularni turli zararli va yot g‘oyalar ta’siridan asrashga alohida e’tibor qaratish lozimligi”ni ta’kidlab o‘tdi. Qayd etish kerakki, bu kabi ishlar yoshlar siyosati sohasida yangicha mexanizmlar sirasiga kirib, ularni san’at, musiqa va sportga jalb qilish borasida katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.Ammo bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, zamon talablari asosida yangicha mexanizmlarni tadqiq etish, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini muntazam o‘rganib borish va O‘zbekiston sharoitiga mos, milliy xususiyatlarimizga javob beradigan metodlarni tadbiq etish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Chunki, jaxon globallashuv sharoitida, axborot xurujlari tezlashgan, yoshlarning ongi va qalbi uchun kurash kechayotgan, eng asosiysi ularning dunyoqarashi o‘zgarib borayotgan davrda yoshlar siyosati sohasida ham yangicha uslub va mexanizmlarga tabiiy ehtiyoj tug‘iladi. Davlat rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston tarixida ilk bor 30 iyun “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya va “Yoshlar klubi” tuzildi.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi sa’y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi O‘zbekiston tarixida yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezident Farmoni bilan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.
Farmon bilan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar, joriy etiladigan tartib va amaliyotlar belgilandi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Har qanday jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi rolni ushbu jamiyatning kelajagi bog‘liq bo‘lgan yosh avlodning sog‘lom va barkamol rivojlanishi o‘ynaydi. Shuning uchun islohotlarimizni kengaytirish va samaradorligini yanada oshirish masalalarida biz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan g‘ayratli, tashabbuskor, har tomonlama rivojlangan yoshlarimizni o‘zimizga tayanch deb bilamiz».
Darhaqiqat ilmiy, adabiy va tarixiy kitoblarni o‘qish, taxlil qilish va mulohaza yuritish orqali bilim olish ham aqliy mehnatning shakli hisoblanadi.Aqliy qobiliyatga ega bo‘lish katta mehnat talab qiladi. Qadimgi yunon faylasufi Demokrit, juda adolatli tarzda shunday degan edi: “Agar bolalarni ishlashga da’vat etmasalar, unda ular insonda yaxshilikni kuchaytiradigan o‘qish, musiqa, gimnastika, hatto hurmat qilishni o‘rgana olmaydi” –degan edi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvar holatiga respublika bo‘yicha yoshlar (14-30 yosh) soni 9 654 351 kishi tashkil etgan.Bu jami aholining 26,8 foiziga teng. Jizzax viloyatida esa yoshlar soni 418 659 kishi. Bu viloyat aholisining 28,4 foizi degani.
Ma’lumot o‘rnida tumanimiz yoshlarining shu bugungi kundagi olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalsam. Hozirgi kunda Zarbdor tumanida yashovchi 14-30 yoshdagi 22 229 nafar yoshlar toifalarga bo‘linib , shundan 661 nafar “qizil”, 12 203 nafar “sariq” va 10 026 nafari “yashil” toifalarga ajratilgan.“Qizil” toifadagi 661 nafar yoshlar jami 24 ta ma’sul tashkilot va rahbarlarga biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan jami 661 nafar yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan va 245 ta muammolar aniqlangan.Bugungi kungacha ushbu muammolarning 145 tasi hal qilingan.
"Besh tashabbus olimpiadasi" ning 2023 yil 1-mavsumi doirasidagi tanlov va musobaqalarining Jizzax viloyat bosqichida Zarbdor tuman yoshlari stol tennisi, shashka, street vorkout, yengil atletika, paralimpiada, yoshlar raqs festivali, kibersport, sartaroshlik, tikuvchilik, qandolatchilik kabi tanlov va musobaqalardan jami 24 ta medallarni qo‘lga kiritdi. "Besh tashabbus olimpiadasi" ning Respublika bosqichida 2022-2023 yillarda voleybol, street vorkout, yengil atletika, stol tennis va shashka musobaqalaridan jami 7 ta o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Joriy yil holatiga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 485 nafar yoshlarga quyidagi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatilgan. 90 nafar yoshlarga OTMga shartnoma pullari to‘lab berildi.68 nafarga yoshlarga moddiy yordam pullari ajratilgan.34 nafariga safarbarlik chaqiruv rezervi shartnoma pullari to‘lab berildi.110 nafar yoshlarimizga yer maydonlari ajratilishida amaliy yordam berilgan. 326 nafar iqtidorli yoshlarimizga OTM tayyorlanishi uchun o‘quv kurs mablag‘lari 24 nafar bemor yoshlarimizga og‘ir operasiyalar uchun zarur mablag‘larini yoshlar jamg‘armasidan to‘lab berildi. Tumanimizda ham yoshlar masalasida olib borilayotgan ishlar tizimli tashkil qilinib samarali ishlar qilib kelinmoqda.
Bugungi kunda mintaqamizning boy madaniyati, uning noyob milliy qadriyatlari, bebaho falsafiy va ma’naviy merosi xalqimizning ruhiyati, ma’naviyatini yanada yuksak darajaga ko‘tarish uchun xizmat qilmoqda. Ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodni kamol toptirishda, ularning qalbida vatanga muhabbat, insonparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda, ma’naviy olamni boyitishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Yoshlarga milliy vatanparvarlik ruhida ta’lim-tarbiya berish bugungi kunning jiddiy vazifalaridan hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning Farovon kelajagi va ravnaqi yo‘lida farzandlarimizga shunday ta’lim -tarbiya beraylikki, qachonkim ular o‘z ota-bobolariga, o‘z tarixiga, Vatanga, ona tiliga, millatiga, diniga, urf-odatlariga, qadiyatlariga va madaniyatiga munosib va sodiq farzand bo‘lib ulg‘ayishsinlar.
Agar har bir oilada ota-onalar zamonaviy jamiyatda oila rolini falsafiy nuqtai nazarda talqin qilgan holda kelajak avlod tarbiyasi haqida qayg‘ursalar, u holda mamlakat kelajagi ishonchli qo‘llarda bo‘ladi.
Zero, kelajagimiz yoshlar qo‘lida ekan, shu qo‘llarda O‘zbekistonimiz butun jahonga ma’lum va mashhur bo‘lsin!
Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha doimiy komissiya raisi, Zarbdor tuman Kengashi deputati Nilufar ALLAMURATOVA