Prezident tomonidan 07.07.2023 yildagi “O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi O'RQ-853-son Qonun imzolandi.
Qonun bilan bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagilarda foydalanilishga ruxsat berildi:
- jamoat joylarida, binolar va boshqa ob'ektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash bo'lgan hududlarda, transport vositalarining salonida;
- sport musobaqalarida, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblarining, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida;
- xalqaro sport musobaqalari hamda O'zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda.
Shuningdek, hujjat bilan bayroqqa nisbatan hurmatsiz munosabatda bo'lish hollari belgilandi:
- bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi o'chgan holda va boshqa noma'qul tarzda, biror-bir narsa uchun ustki yoping'ich, kiyim, dastro'mol yoki ko'rpa-to'shak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
- bayroqni stollarga, o'rindiqlarga, stullarga to'shash yoki uning tasvirini tushirish va undan qoplama sifatida foydalanish, shuningdek uni o'tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to'shash yoki uning tasvirini tushirish;
- bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 08.07.2023 yildan kuchga kirdi.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi
Yuridik markazi bosh yuriskonsulti
A.Abduvaitov
скачать dle 12.0