Assalomu alaykum muhtaram ustoz va murabbiylar! Qadrli do‘stlar!
Avvalo Sizlarni, o‘z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan pedagoglarni – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklayman. Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug‘ deb biladigan, ma’rifatparvar xalq farzandlarimiz.
Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda o‘qituvchi va ustozlarning beqiyos hissasi bor.
Aziz ustoz va murabbiylar!
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan g‘oya ilgari surildi. Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi.
Barchamizga ayonki, muallimning obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir. Shu bois muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida keyingi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha islohotlar samarali amalga oshirilmoqda.
Pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo‘yilgani, ta’lim muassasalarida qog‘ozbozlikka barham berilayotgani bugun o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda. Olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mamlakatimizda farzandlarimizni go‘daklik davridan to kamolot yoshiga qadar har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni hayotda munosib o‘rnini topishiga xizmat qiladigan uzluksiz samarali tizim yaratilmoqda.
Aziz ustoz, murabbiylar!
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2020-yil 29-apreldagi farmoni bilan xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilab berilgan.
Bugungi kunda tumanimizda 32 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maxsus internat makatabi, 1 ta kasb-hunar maktabi, 1 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta sport maktabi, 13 ta davlat tasarrufidagi, 9 ta xususiy sherikchilik asosidagi, 87 ta uy va oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalarida farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berilmoqda.
Ularda bugungi kunda ikki mingdan ziyod pedagog murabbiylar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng ko‘lamli islohotlarimizning samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqmoqda. Bu yil tumanimizdagi umumta’lim maktablarini 860 nafar yoshlar bitirgan bo‘lsa, ularning 550 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lishdi. Bugungi kunda tumandagi 4 ta sektor rahbarlari bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalariga kirolmagan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Birorta yosh e’tiborimizdan chetda qolmaydi.
Aziz ustoz, murabbiylar!
Bugun mamlakatimizda ta’lim-tarbiyaga davlat kelajagini belgilovchi soha sifatida e’tibor berilmoqda.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev 28-avgust kuni “Maktablarda yangi 2023 – 2024 o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarini yanada jadallashtirish”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limini rivojlantirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, yangi maktablar qurish borasida ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Umuman mamlakatimizda xalq ta’limini rivojlantirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 80 ga yaqin Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari qabul qilindi.
Aziz o‘qituvchilar, ustoz murabbiylar!
Sizlar har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxshida etayotgan o‘qituvchi, murabbiylar tom ma’noda fidoyi kasb egalarisiz.
Sizlarni “1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-saodat, ezgu faoliyatingizda omadlar tilayman. Xonadoningizni fayzu baraka tark etmasin.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling aziz ustozlar!
Zarbdor tuman hokimi Ruziyev Zafar Sharopovich