Barchamizga ma’lumki, yurtimizda inson huquqlari, ulaning kafolatlari, shaxsiy hayot daxlsizligi, fuqarolarning teng huquqliligi kabi holatlarga ken ahamiyat berilib kelinmoqda bunga misol sifatida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirda qabul qilingan Konstitusiyasini e’tirof etsak mubolag‘a bo‘lmaydi. Inson huquqlari, fuqarolarning e’zozlanishi yangi tahrirda qabul qilingan Konstitsiyamizning barcha moddalari va barcha bandlarida o‘z ifodasini topganligini ko‘rishimiz mumkin.
Ammo hozirgi davrda inson huquqlariga zarar yetkazuvchi, ushbu huquqlarni cheklovchi omillarni ham yo‘q deya bo‘lmaydi. Inson huquqlarini cheklovchi omillardan biri sifatida majburiy mehnatni misol tariqasida keltirishimiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berish uchun zarur chora tadbirlar olib borilmoqda, ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mexnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlangan.
Shuningdek majburiy mexnatga barham berishda xalqaro mehnat tashkilotlari bilan ham faol hamkorlik olib borilmoqdaligi, ushbu tashkilotning 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyasi mavjudligi va uning ratifikatsiya qilinganligi, Respublikada Xalqaro Mexnat Tashkiloti Konvensiyalarini hayotga tatbiq etishga doir milliy harakatlar rejasi qabul qilinganligi aytib o‘tilgan. Shu bilan birga, mazmuni va mohiyati Xalqaro Myexnat Tashkiloti metodologiyasi bo‘yicha milliy mehnat qonunchiligini va mehnat bozorini rivojlantirishga, bandlikni, ijtimoiy muhofazani va aholi bilan muloqotni ta’minlashga yo‘naltirilgan Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu Tashkilot ekspertlarining bevosita ishtirokida qishloq xo‘jaligida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish monitoringi olib borilishi ta’minlangan.
Yuqoridagilardan tashqari yana bir choralardan biri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida» 2017 yil 4 oktyabrdagi SQ-231-III-son qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan biron-bir shaklda foydalanishning oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ushbu yo‘nalishda kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan parlament nazorati instituti joriy etilganligi hisoblanadi.
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Sh.X.Begmatov