Jizzax viloyati hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari, viloyat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh Zarbdor tumani yoshlari bilan uchrashishdi. Dastlab ishchi guruh a’zolari tuman mutasaddilari bilan birga 3- sonli o`rta umumta’lim maktabida yoshlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish, kasb-hunarga yo`naltirish borasidagi ishlar bilan tanishishdi. 11- sonli bolalar musiqa va san’at maktabida o`tgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida o`zini-o`zi band qilish uchun 7 nafar yoshlarga mehnat qurollari topshirildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 13 sentyabrdagi “Uyushmagan yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini yagona yondashuv asosida tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida uyushtirilgan tadbirda mamlakatimiz yoshlarining turli sohalarda erishayotgan yutuqlari haqida ham ma’lumot berildi.
Muloqot davomida yoshlar tadbir ishtirokchilari o`zlarini qiynayotgan muammolarini hal etishda rahbarlardan yordam so`rashdi. Xususan, tadbirkorlik loyihasini yo`lga qo`yish, sport maydonchasi qurish va jihozlari bilan ta’minlash, oliy ta’lim uchun shartnoma pulini to`lash, ishga joylashish, imtiyozli kredit ajratish, o`zini-o`zi band qilish uchun er maydoni ajratish kabi 20 ga yaqin masalalarni hal etish bo`yicha mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Jarayonda tuman ichki ishlar bo`limi jamoat xavfsizligi xizmati probasiya guruhi nazoratida jazo o`tayotgan yoshlarning masalalariga ham diqqat qilindi.