Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari boshlandi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etdi. Davlat rahbari global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Qayd etilishicha, iqtisodiyotni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifa – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish.
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatda 2017-yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. 2030-yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan. Davlat rahbari O‘zbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan qat’iy borishini qayd etdi. Mamlakat va uning barcha qo‘shnilari birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi.
Mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi. Mintaqa iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda. Mamlakat “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlanib, birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
O‘zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilayotgan choralar, mintaqadagi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va suv bilan ta’minlanganlik darajasining kamayish tendensiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirildi. Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqada qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi. Buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim, degan fikrni bildirib, prezident Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi. Prezident BMTning yuksak minbaridan turib dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga va bu borada BMT rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozisiyani belgilashga chaqirdi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi har bir qo‘shni davlat bilan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishi va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishi Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamladi va mintaqaning investision jozibadorligini kengaytirishga hissa qo‘shdi. Mintaqaviy integratsiya jarayonlarining asosiy drayveri bo‘lgan O‘zbekistonning xalqaro obro‘si va nufuzi mustahkamlana boshladi. Demakratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar O‘zbekiston uchun doimo ustuvor vazifa hisoblanadi.
Q.Q.Mamaraximov
Jinoyat ishlari boyicha Zarbdor tuman sudi raisi