Rivojlanayotgan mamlakatning asosiy belgilaridan biri – bu hozirgi kundagi jamiyat hayotiga moslangan holda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hisoblanadi. Dastlab bu borada mamlakat rivojini va inson huquqlari hamda erkinliklarining kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan bo‘lsa, keyinchalik qator amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimalar kiritila boshladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 19-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respubikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunining mazmun-mohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, xuddi shuningdek ushbu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanishga nisbatan javobgarlik belgilanganligi, unga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etish quroli musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishi mumkinligi haqida ta’kidlab o‘tish lozim. Mazkur Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksida kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, ushbu qilmishlar bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirilganligini ham alohida e’tiborga olish lozim.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan bo‘lib, mazkur farmonga ko‘ra, Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kenashlariga 33 ta funksiya va vakolatlar o‘tkazilgan. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari davlat organlarining hisobot (axborot)larini eshitishga oid ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirilganligi qayd etilgan. Mazkur Farmonda xalq deputatlari mahalliy kyengashlariga 2024-yil 1-oktyabrgacha O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi lozimligi belgilangan.
Bundan ko‘rinadiki, mamlakatning rivojlanishi uchun nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy va ma’daniy sohalarning rivojlanishiga balki mamlakat qonunchiligini hozirgi kun zamon talablariga moslagan holda ishlab chiqilishiga ham urg‘u qaratilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Shomurod Begmatov
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi