Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirovning navbatdagi sayyor qabuli Zarbdor tumani “Navro`z” MFYda o`tkazildi. Muloqot avvalida sektor rahbari ehtiyojmand oilalarning 3 nafariga elektr pechlari, 3 kishiga nogironlik aravachasi, 2 nafariga imtiyozli kredit mablag`lari ajratilganligi to`g`risidagi sertifikat, 16 yoshga to`lgan 4 nafar yoshlarga ID kartani topshirdi. Bir guruh tashabbuskor yoshlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining faxriy yorliq hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
Sayyor qabulda 20 ga yaqin fuqaro boshqarma boshlig`idan o`zlarini qiynayotgan muammolarini hal etishda amaliy yordam so`radi. Xususan, oliy ta’lim uchun shartnoma pulini to`lash, ko`chalarga asfalt yotqizish ishini davom ettirish, ko`chalarni tungi vaqtda yoritish, maishiy chiqindilarni o`z vaqtida olib chiqish, hunarmandchilik faoliyatini yo`lga qo`yish uchun yer maydoni ajratish, nogironlik nafaqasini olish, moddiy yordam ko`rsatishga oid masalalar ko`tarildi.
Bundan tashqari yo`l belgilari o`rnatish, ko`p qavatli uyda olib borilgan ta’mirlash ishlari nihoyasiga etkazilmaganligi, ichimlik suvi iste’molidan yuzaga kelgan qarzdorlikni kamaytirish kabi masalalarga ham mutasaddilar ishtirokida yechim izlandi.
Aholi bilan ochiq muloqot so`nggida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i qabulda ko`tarilgan masalalarni o`z vaqtida hal etish, muammolarni xonadonbay va mahallabay o`rganish hamda aholiga zarur yordam ko`rsatish bo`yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.