Hurmatli yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidlab o‘tgan.
– Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratildi.
– Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi. Qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir.
Keyingi yillarda bu borada katta tajriba to‘plandi – ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan qat’iy borishini qayd etdi.
Yurtimiz va barcha qo‘shnilarimiz birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi.
Mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda.
– Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!
Xalqaro hamjamiyatning qo‘llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo‘lidan borishda davom etishiga ishonch bildirildi. Uni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi.
Xulosa o‘rnida shu ta’kidlamoqchimanki, xalqni qiynab kelayotgan muammolarni faqat o‘zimizgina bartaraf etishimiz mumkinligi, hech kim hech qayerdan kelib qilib bermasligini yaxshi bilamiz. Odamlarni hamjihatlikka chorlash, ularning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish borasida barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak.
Q.Q.Mamaraximov
Jinoyat ishlari boyicha Zarbdor tuman sudi raisi