Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-yanvar kuni qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Suv tanqisligi tobora kuchayayotgan bugungi zamonda mamlakatimizda uni qadrlash, tejab foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi yillarda 472 ming gektar yer tomchilatib va 48 ming gektari yomgʻirlatib sugʻorishga oʻtkazildi, 97 ming gektarda boshqa suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. 649 ming gektar yer lazerli tekislandi.
Shunday chora-tadbirlar natijasida birgina 2023-yilda 2 milliard kub metr suv tejalgan. Misol uchun, bu Buxoro viloyatining bir yillik suv sarfiga tengdir.
Bu koʻlamni yanada kengaytirish harakatlariga tizimdagi ayrim muammolar xalal bermoqda. Masalan, tuman irrigatsiya boʻlimlarining vakolatlari xoʻjaliklararo kanallar bilan cheklangan. Suv yetkazish xizmatlari samarali moliyalashtirilmagan. Tejamkor uskunalar oʻrnatish tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar fermerlarga jozibali emas.
Shu bois, davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan, quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Unga koʻra, tuman irrigatsiya boʻlimlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilinadi. Ular ekskavator va boshqa texnikalar bilan taʼminlanadi. Bu sugʻorish tarmoqlariga xizmat koʻrsatish ishlarini 2 barobarga arzonlashtiradi.
Shuningdek, barcha sugʻorish tarmoqlarini xatlovdan oʻtkazish, egalari boʻyicha biriktirish hamda har birining yagona identifikatsion raqamini ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda.
Maʼlumki, joriy yildan dalagacha yetkazilgan 1 kub metr suv uchun soliq 100 soʻm etib belgilandi. Koʻpchilikning ongida oʻrnashib qolgan “suv – tekin” degan tushunchani oʻzgartirish vaqti keldi.
Suv isteʼmolchilari bilan hisob-kitobni shu tamoyil asosida yoʻlga qoʻyish taklif qilinmoqda. Jumladan, 2025-yildan boshlab, dalada suv hisoblagich oʻrnatgan va tejamkor texnologiyalarni qoʻllaydigan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi. Aksincha holatlarda esa oshiriladi. Shu bilan birga, suv yetkazib berish uchun toʻlovlar bekor qilinadi.
Yigʻilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish jozibadorligini oshirish choralari ham koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, buning uchun imtiyozli kredit liniyasi tashkil qilinmoqda. Xususan, kreditlar 2-yillik imtiyozli davr bilan 5-yil muddatga 14 foizlik stavkada ajratiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi loyihalar uchun esa 10 foiz boʻladi. Kredit olishda fermerlardan mol-mulk garovi talab qilinmaydi.
Shuningdek, kreditlar “onlayn” ajratilishi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu borada Agrobank tomonidan “Suvkredit.uz” tizimi ishlab chiqilgan. Yana bir muhim tomoni, endi pudratchilarga suv tejovchi texnologiyalarni faqat ishchi loyiha asosida qurish, oʻrnatilgan tizimlarga kamida 2-yillik kafolat berish va kamida 5-yillik servis xizmati koʻrsatish kabi qoʻshimcha majburiyatlar yuklatilmoqda. Bu talablarni bajarmaydigan pudratchilar tizimga kiritilmaydi.
Maʼlumki, bugungi kunda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun 8 million soʻm miqdorida subsidiya beriladi. Shu paytgacha bu mablagʻning 50 foizi texnologiya oʻrnatilgan yilda, qolgani kelgusi yili uning ishlatilishiga qarab toʻlanar edi. Endi bu borada ham qulaylik yaratilib, barcha subsidiya mablagʻlarini oʻsha yilning oʻzida toʻlab berish belgilanmoqda.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, soʻnggi isteʼmolchigacha boʻlgan tizimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, suvni tejash ishlarini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Q.Q.Mamaraximov
Jinoyat ihlari bo’yicha Zarbor tuman sud raisi