So‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag‘rikenglik mustahkam qaror topdi. Natijada kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg‘ulari odamlar qalbi va shuuridan yanada chuqur joy oldi.
O‘z navbatida ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, elu-yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash va qadrlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Zarbdor tumanida ham Respublikamizning barcha joylarida bo‘lgani kabi 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, tuman sektor rahbarlari va faollar mehnat faxriylari bilan suhbatlashib, hol-ahvol so‘radilar. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladilar va barcha faxriylarni tabrikladilar. Shundan so‘ng, Xotira maydonida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasi yod etilib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.