Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'naviy va siyosiy hayotning har jabxalarida inson huquqlari e'zozlanib kelayotgan va ular huquqlarining kafolatlari ta'minlangan bir vaqtda O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham huquqlari har tomonlama himoya qilib kelinmoqda.
Xususan, Bosh qomusimizning 57-moddasida, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi, davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta'minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘rishi hamda davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob'ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, ularning ishga joylashishiga, ta'lim olishiga ko‘maklashishi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta'minlashga konstitutsiyaviy kafolatlagan.
Shuningdek, Respublikamizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlari ko‘zlagan holda turli hil imtiyozlar va yordamlar qo‘llanilmoqda.
Yuqorida ko‘rsatilgan huquq va manfaatlar himoyasi isboti sifatida yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, ularning qonuniy manfaatlarini ko‘zlovchi qonun va qonunosti hujjatlari vakolatli davlat organlari tomonidan ishlab chiqilmoqda va qabul qilinmoqda.
Misol uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-74-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qarorga ko‘ra, inson huquqlari, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta'minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish asosiy maqsad ekanligi qayd etilgan. Shuningdek mazkur qarorda nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta'minlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish muassasalari uskunalarini modernizatsiya qilish, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Bundan ko‘rinadiki, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari davlatimiz tomonidan har tomonlama kafolatlangan va himoya qilinmoqda.
Shomurod Begmatov
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudining raisi