Korrupsiyaga qarshi kurashish dunyo miqiyosida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yurtimizda bugungi kunda mazkur illatga qarshi kurashishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Milliy Parlamentimiz tomonidan qabul qilinib, Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 3 yanvar kuni imzolangan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun ana shunday tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biridir. Korrupsiya nima? Bu haqda hammaning o‘ziga xos tasavvuri, tushunchasi bor, albatta. Qonunda unga shunday ta’rif berilgan: «Korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xudi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish».
Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar aniq belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qonunda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari belgilab qo‘yilgan bo‘lib ular quyidagilardan iborat: qonuniylik; fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi; ochiqlik va shaffoflik; tizimlilik;
davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi; korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi; javobgarlikning muqarrarligidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari o‘rta muddatli istiqbolda quyidagilardan, ya’ni: sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish shart-sharoitlarini istisno etish; davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish, ular uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag‘batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq ro‘yxatini belgilash; davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va ularning ish haqi yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish; korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish; aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish; davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish; fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilishdan iborat ekani belgilandi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash. bilan yaqindan tanishish, uning har bir moddasini chuqur o‘rganib, hayotimizga tatbiq etishga intilish, sodda qilib aytganda, korrupsiya balosining naqadar mudhish illat ekanini tushunish, mustaqil idrok etish, eng muhimi, unga qarshi kurashish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Dunyoda korrupsiyaning turi ham, tavsifi ham juda ko‘p. Uning kelib chiqish sabablarini ochish, unga qarshi kurashishning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha olimlar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. Turli ko‘rsatkich va raqamlar aks etgan jadvallar yaratilgan, o‘ziga xos reytinglar tuzilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil formulalari ham ishlab chiqilgan. Bu boradagi ishlar va izlanishlar izchil davom etmoqda. Ijtimoiy-tarixiy vaziyat, fuqarolarning huquqiy dunyoqarashi, davlat tuzilishi, iqtisodiy rivojlanish omillaridan kelib chiqib, har bir davlat korrupsiyaga qarshi o‘ziga xos usullarda kurashmoqda. Bu borada eng samarali yo‘l hali topilgan emas. Chunki korrupsiya bir qarashda oddiy jinoyat bo‘lib ko‘ringani bilan aslida uning kelib chiqishi va yashovchanlik sabablari juda chigal va murakkabdir. Bir davlatda natija bergan usul boshqa davlatda u qadar samara ko‘rsatmasligi mumkin. Shuning uchun har bir davlat va jamiyat korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lini o‘zi tanlaydi, aniqrog‘i, qanday yo‘l to‘g‘ri ekanini hayot ko‘rsatadi. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashni keng qamrovda olib borish choralari ko‘zda tutilgani, bu borada har bir masalaga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. So‘nggi yillarda jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalarini yanada jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar, Prezident qaror va farmonlari ana shu ezgu maqsadga qaratilganligini anglash qiyin emas. Sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash yoxud tadbirkorlikka keng erkinlik berish, turli byurokratik to‘siq va g‘ovlarni yo‘q qilish haqidagi hamda boshqa bir qancha qaror va farmonlar odamlarning yo‘lini ochishga, O‘zbekistonimizning jozibasini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun bu boradagi islohotlar yanada izchil tus olishiga sharoit yaratmoqda, bu esa xalqimizda katta umid uyg‘otmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Zarbdor tuman sudining raisi
Q.Q.Mamaraximov