Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng o‘tgan davrda mamlakatimiz huquq tizimi demokratik tamoyillar asosida to‘liq qayta qurilib, izchil sud-huquq islohotlariga asos solindi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitusiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda”
O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat sifatida o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Konstitusiyamizga ko‘ra, O‘zbekiston davlati demokratik, huquqiy, dunyoviy, unitar respublikadir. Bu to‘rt tushuncha mamlakat huquqiy tizimi, boshqaruv shakli, inson va fuqarolar erkinliklari haqida dastlabki xulosani paydo qiladi. “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”da inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish hamda mamlakatda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish va boshqalar ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
O‘zbekistonda siyosiy hokimiyat xalqqa tegishli. Bu tizim demokratik tizim deb ataladi. Demokratiya xalq hokimiyati va siyosiy iroda xalqqa tegishli bo‘lgan siyosiy tizimni anglatadi. Bu o‘zgarmas xususiyatlar O‘zbekiston Respublikasining dunyoviy va huquqiy davlat ekanligini anglatadi. Bular juda muhim xususiyatlar va uning millat manfaatlarini eng yaxshi himoya qiladigan tuzilmaga ega ekanligidan dalolat beradi.
Har qanday davlat qonunchiligidagi taqiqlar, cheklashlar va mas’uliyatni belgilovchi normalar davlatning totalitar, avtoritar yoki demokratik davlat ekanligini belgilovchi asosiy mezon sanaladi. Qonunchilikning zamonaviyligi uning yoshi bilan o‘lchanmaydi. Masalan, Angliyada Konstitusiya yo‘q, uning ayrim qonunlari hatto o‘rta asrlarga tegishli, ammo mamlakatda inson huquq va erkinliklari ba’zi konstitusiyaviy davlatlarga qaraganda aniqroq va samaraliroq himoyalangan.
Huquqiy davlat mamlakat fuqarolarining erkin va faravon hayot tarzi ta’min etilgan adolatli jamiyatdir. Unda maxsus muvozanat tizimi hokimiyat tarmoqlari tomonidan qonun bilan belgilangan normalarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi, ularning vakolatlarini cheklaydi. Huquqiy davlatda hokimiyat tuzilmalari va shaxs o‘rtasida o‘zaro javobgarlik mavjud. Barcha darajadagi rahbarlar va mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi har qanday munosabatlar qonun ustuvorligini tan olishga asoslanadi. Qonun talablari bilan belgilanmagan tartibda shaxsga nisbatan har qanday ta’sir o‘tkazish fuqaro erkinliklarini buzish hisoblanadi. O‘z navbatida, fuqaro ham davlat idoralarining qonuniy talablarini hisobga olishi shart. Qonun ustuvorligi fuqarolardan faqat aniq huquqiy asosda harakat qilishni talab qilishi mumkin. Misol uchun, konstitusiyaviy burch hisoblangan soliq to‘lovlarini olish mumkin. Davlatning qonuniy talablarini buzganlik uchun jazo choralari qo‘llaniladi.
Huquqiy demokratik davlatda konstitusiyaviy qonunlar huquqiy asos sifatida jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soladi. Bunday davlatda hech bir mansabdor shaxs, jamoat tashkiloti, hech bir inson qonunni buza olmaydi. Shaxsning huquq va erkinliklari tengligi, davlat-huquqiy munosabatlari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ushbu turdagi demokratik davlatning asosiy maqsadi barcha sohalarda huquq va erkinliklarni himoya qilish, barcha uchun yagona va majburiy qoidani ta’minlash, suveren va yagona davlat yaratish, qonuniy saylangan hukumatni shakllantirishdan iboratdir.
Bir so‘z bilan aytganda, huquqiy demokratik davlat – qonun ustuvor bo‘lgan, faoliyati va tuzilishi xalq irodasini ifodalaydigan, inson huquq va erkinliklari kafolatlangan davlat shaklidir.
Shuning uchun bizning asosiy maqsadimiz qonun ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat to‘liq qaror topgan, halq irodasini ifodalaydigan jamiyat qurish orqali yangi O‘zbekistonni yaratish va bu bilan dunyo xamjamiyati qatoridan munosib o‘rinni egallashdir.
Jinoyat ishlari bo’yicha Zarbdor tuman sud raisi
Mamaraximov.Q,Q