Xalqimiz azaldan yerga mehr berib, nafaqat o‘z ro‘zg‘orini, balki el-yurt dasturxonini ham to‘kin qilib kelgan. Tomorqaga berilgan “koni foyda”, “daromad manbai”, “yetti xazinaning biri” kabi ta’riflar bejiz aytilmagan.
Zarbdor tumani “Nurafshon” mahallasida yashovchi fuqarolarning tomorqa ishlari barchaga namuna, ular chin yurakdan yerga mehr beradi. Tinimsiz mehnat qilib, izlanib intiladi. Tomorqasida mevali daraxtlar, turli kechki ko‘katlar, pomidor, bodring kabi ekinlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Shu tariqa tomorqasi daromad manbaiga aylandi.
– Oila farovonligi, dasturxon to‘kinligi, ro‘zg‘or kam-ko‘stini to‘ldirishda tomorqadan olinayotgan daromadning o‘rni beqiyos ekan, – deydi mahalla raisi. – Ekinni ekdingmi, albatta ro‘zg‘oringga qut baraka kiradi. Inson qanday kasb bilan shug‘ullanmasin, unga mehr qo‘yib, ishini sevsa, muvaffaqiyatga erishib, daromadi ham oshib boraveradi.