Bugungi kunda xalqimiz orasida o‘zaro mol-mulk bilan bog‘liq nizolarning mavjudligi barchaga ma’lum.
Jumladan er-xotin o‘rtasidagi mol-mulklarni undirish, olib berish va bo‘lish to‘g‘risidagi fuqarolik ishlarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.
Darhaqiqat, Oila muqaddas-Vatan ichidagi Vatandir!
Biroq oiladagi turli nizolar va kelishmovchiliklar oxir-oqibat yuqoridagi nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur (mol-mulkni olib berish) toifadagi nizolarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi haqida to‘xtalmoqchiman.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Ushbu kodeksning 25-moddasi 1-qismiga ko‘ra, er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
Ushbu kodeksning 28-moddasiga ko‘ra, Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va xotin o‘rtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi FKning 228-moddasi talabiga ko‘ra, mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning noqonuniy egaligidan talab qilib olish huquqiga ega.
Demak har bir shaxs o‘z mulkini boshqa shaxslarning noqonuniy egaligidan talab qilib olish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo ariza bilan murojaat qilishga haqli.
Ermamat Egamberdiyevich Tojiboyev
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Jizzax tumanlararo sudi sudyasi