Mulk va unga oid munosabatlar to‘g‘risida me’yoriy xujjatlar va yuridik adabiyotlarda tariflar berilgan.
Mulk – moddiy va ma’naviy ne’matlarning muayyan kishilar egaligida bo‘lishi va ular tomonidan o‘zlashtirilishidir. Mulkka egalik huquqi hamda mulk ob’ektlariga egalik, ularni bo‘lish, taqsimlash bo‘yicha kishilar o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlardir.
Mulk ob’ekti yer va yer osti boyliklari, korxona, bino, inshootlar, mashina va uskunalar, tayyor mahsulot, pul, qimmatli qog‘ozlar, san’at va adabiyot asarlari, ilmiy va texnikaviy ishlanmalar va boshqalar bo‘lishi mumkin. Moddiy va ma’naviy ne’matlarni amalda o‘zlashtiruvchilar mulk sub’ektlari, ya’ni egalari hisoblanadi. Bularga ayrim kishilar, oilalar, jamoalar va davlat kiradi. Mulkdan amalda foydalanib, bundan naf ko‘rish mulkni iqtisodiy tasarruf qilish hisoblanadi.
Kishilarning moddiy ne’matlarni yaratishdagi, ularni taqsimlash va iste’mol etishdagi o‘rni, siyosiy hayotda tutgan mavqei, asosan, ishlab chiqarish vositalariga egalik qilishlariga bog‘liq. Jamiyat taraqqiyoti tarixida egalik qilish shakliga ko‘ra mulkning bir necha turi bor: ibtidoiy jamoa tuzumida ishlab chiqaruvchi kuchlar g‘oyat past rivojlanganidan kishilar birgalikda, guruh-guruh bo‘lib mehnat qilishgan. Shubhasiz, shunday sharoitda mehnat qurollari va mahsulotlari jamoaning umumiy mulki bo‘lgan. Mehnat qurollari va mehnat malakasi yuksalgach, kishilar yakka holda mehnat qila oladigan bo‘ldi. Bu o‘zgarish tufayli jamoa mulki parchalanib, xususiy mulkka aylangan.
Xususiy mulk – bu mulkni o‘zlashtirishning xususiy usuliga asoslangan shakli. U ikki xil bo‘ladi:
Jamoa mulki – bu jamoaga ixtiyoriy ravishda birlashgan kishilarning umumiy mulki bo‘lib, bu mulkning egalari shu jamoada mexnat qilishi shart. Bu yerda mulk egasi ayni bir vaqtda shu mulkni amalda ishlatuvchi ham hisoblanadi.
Davlat mulki – davlat ixtiyorida bo‘lgan mulk, davlat hokimiyati organlari tomonidan tasarruf etiladigan monopollashgan mulkdir. Bunday mulk ob’ekti – yer, tabiat resurslari, asosiy vositalar, binolar, moliya, moddiy resurslar, axborot, moddiy va ma’naviy boyliklar bo‘lishi mumkin. Bu mulk ijtimoiy ne’matlarni yaratishga xizmat qiladi.
Davlat bor yerda uning mulki mavjud, lekin ushbu mulkning milliy iqtisodiyotdagi ulushi turli mamlakatlarda farqlanadi va mamlakat iqtisodiyotining modeliga bog‘liq. Fuqarolik jamiyati doirasida davlat mulki tobora ijtimoiy yo‘nalish olmoqda, ya’ni umummilliy manfaatlarni himoya qilishga yo‘naltirilgan.
Mulkga egalik va uni tasarruf etish muayyan iqtisodiy munosabatlarni paydo etadi va u mulkchilik munosabatlari deb ataladi. Mulk paydo bo‘lishi uchun mulkka aylanadigan narsalar naf keltira olishi zarur. Mulkchilik munosabatlari mulkni kishilarning o‘ziniki yoki o‘zganiki ekanligini bildiradi. Bunday munosabatlarning 3 jihati bor:
1.Mulkka egalik qilish, ya’ni mulkdorlik huquqining mulk egasida saqlanib turishi.
2.Mulkdan foydalanish va uni amalda ishlatish. Mulkdan foydalanilganda shaxsiy ehtiyojlarni qondirish yoki daromad topish yuz beradi. Mulkdor o‘z mulkini ishlatganda egalik qilish va mulkdan foydalanish bir qo‘lda to‘planadi, Mulk keltirgan nafni uning egasi tanho o‘zlashtiradi. Mulk o‘zgalar qo‘lida ishlatilganda bundan olingan daromadni mulkdor mulkni amalda ishlatuvchi bilan baham ko‘radi.
Darhaqiqat, mustaqillikka erishganimizdan keyin yurtimizda bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy davlat qurish maqsadi ilgari surildi. Shu boisdan ham, bozor munosabatlari sohasida ma’muriy-buyruqbozlik siyosatidan voz kechilib, bozor iqtisodiyoti va bozor munosabatlarini isloh qilishga jadallik bilan kirishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga binoan mulk huquqining sub’ektlari sifatida fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, mol-mulk mulk huquqi asosida bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxslarga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Mulk huquqining tegishliligiga ko‘ra, ya’ni, mol-mulk fuqaro, yuridik shaxs yoki davlatning mulki bo‘lishiga qarab mulk huquqini, mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqini vujudga keltirish va bekor qilish xususiyatlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
3.Mulkni tasarruf etish — bu mulk taqdirini mustaqil hal qilish, ya’ni mulkni sotish, merosga qoldirish, hadya etish, garovga qo‘yish kabi xatti-harakatlarni erkin amalga oshirilishidir. Mulkiy munosabatlarda mulkni ijaraga berish muhim o‘rin tutadi. Yer, suv havzalari, bino va inshoot kabi ko‘chmas mulklar oddiy ijaraga beriladi. Qimmatbaho mashina va uskunalar (traktor, kombayn, samolyot, teplovoz, paroxod, yuk avtomashinalari va vagonlar) ijarasi lizing shaklida amalga oshiriladi. Mulk bo‘lgan pul mablag‘larnio‘zegasitomonidan, o‘zgalarga foydalanib turish uchun berish kredit shakliga kiradi. Mulk milliy boylikni hosil etadi.
Mulk huquqini himoya qilishda fuqarolik huquqining normalari muhim rol o‘ynaydi. Mulk huquqini himoya qilishning asosiy usullari:
Mulkni birovning qonunsizegallashidan talab qilib olish (vindikatsion da’volar). Mulkdan foydalanishda mulk egasiga qilingan to‘sqinliklarni bartaraf etish (negator da’volar). Mulk huquqini buzishga qaratilgan g‘ayriqonuniy bitimlar (shartnomalar)ni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’volar. Asossiz olingan mulkni qaytarish yo‘li bilan qo‘riqlash. Vindikatsion da’vo – bu mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishdir. Ya’ni, unga ko‘ra, mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli.
Negator da’vo – bunda mulkdorning huquqlarini egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan huquqbuzarliklardan himoya qilish, ya’ni mulkdorning o‘z huquqlarini har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etishni talab qilishidir.
Mulkiy huquqni himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalarni o‘rganishda mulk egalarining mulkiy huquqlarini himoya qiluvchi majburiyat huquqiga oid vositalar ham muhim ahamiyatga ega. Mulk huquqini himoya qilishning bunday majburiy-huquqiy usullari 2 ko‘rinishda bo‘ladi:
shartnomaviy munosabatlar; shartnomadan tashqari munosabatlar.
Shartnomaviy munosabatlarda mulkiy huquqning himoya qilinishi to‘g‘risida shuni aytish kerakki, tuziladigan xima-xil shartnomalar aksariyat hollarda qonunga, shartnoma shartlariga rioya qilinib to‘g‘ri va insofli ravishda bajariladi. Ammo, ba’zi hollarda shartnomaning ayrim intizomsiz ishtirokchilari shartnoma yuzasidan olgan o‘z majburiyatlarini butunlay bajarmasliklari yoki lozim darajada bajarmasliklari mumkin.
Bunday paytlarda tabiiy buzilgan mulkiy huquqlarni tiklash hamda uning o‘zi bilan mulkiy huquqlarni har tomonlama va to‘la himoya qilish masalasi qo‘yiladi.
Shartnomaviy munosabatlarda mulkiy huquqlarni buzish turlari:
– qonun xujjatlarining tartiblariga muvofiq kelmaydigan bitim, shuningdek, huquq-tartibot yoki ahloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir.
– muomilaga layoqatsiz shaxslar (yosh bolalar, ruxiy kasallar) bilan bitim tuzilishi natijasida mazkur shaxslar mulkiy zarar ko‘rsalar, tuzilgan bitimlar haqiqiy emas deb topilishi bilan birga, buzilgan mulkiy huquqlar tiklanishi lozim.
– jiddiy yanglishish, aldanish, zo‘rlik qilinishi ta’sirida tuzilgan bitimlar (shartnomalar) sud tomonidan haqiqiy emas deb topishilishi mumkin.
– ayrim shartnomalar (oldi-sotdi, ijara, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, pudrat, mulk tashish va boshqalar) bo‘yicha olingan majburiyatlar butunlay yoki lozim darajada bajarmasligi natijasida tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar mulkiy zarar ko‘rishlari mumkin. Bunday hollarda ham qonun (shartnomalar)ning har qaysisini buzish oqibatlari to‘g‘risida, huquqiy normalar buzilgan huquqlarni himoya qilishni nazarda tutadi.
Sud-huquq tizimida qat’iyat bilan olib berilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishdan iboratdir. Ayni shu maqsadda keyingi yillarda sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash va odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolarning mulkiy huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, yetkazilgan zarar o‘rnini javobgar hisobidan qoplash singari nizolar sud tartibida adolatli yechim topayotgani odamlarning sudlarga nisbatan ishonchi ortishida muhim omil bo‘lmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotning samarali amal qilishiga va xalq farovonligining o‘sishiga imkoniyat yaratuvchi har qanday shakldagi mulkchilik bo‘lishiga ruxsat beriladi. Mulkchilikning hamma shakllari daxlsiz bo‘lishiga va ularning rivojlanishi uchun teng sharoit yaratilishiga qonun kafolat beradi.
Xususiy mulk huquqi qonun bilan himoya qilinadi va daxlsizdir.
Xususan, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari mahrum etilishi mumkin emas
Mol mulkka egalik qilish fuqarolarning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Mulkdorlik hissiday kuchli motivatsiya bo‘lmasa kerak.
Mulkdor o‘z mulki ishonchli himoya qilishini bilsa, his qilsagina investitsiya kiritadi, tadbirkor biznesini rivojlantirishga bor vujudi bilan harakat qiladi.
Xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishga ta’minlash maqsadida Konstitutsiyamizning 65-moddasida quyidagi tahrirda bayon qilinmoqda:
Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi.
Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
Mulkdor mulkiy huquqini uz xohishiga kura amalga oshirishda uning manfaati yotadi. Bu manfaat bevosita uning o‘ziga, yaqinlariga yoki boshqalarga taalluqli bo‘lishi mumkin. Masalan, ota-ona voyaga yetmagan farzandi nomiga bankka omonat pul mablag‘i ko‘yganda ham, garchi bunda uchinchi shaxsning manfaati ko‘zlaganday bo‘lsa, ham, aslida mulkdorning harakati zamirida ota-ona sifatidagi burch yotadi. Mulkdorning o‘z xohishiga ko‘ra yoki manfaatiga zid ravishda mulkiy bitimlar tuzishga majbur qilinishi, umumiy qoida, bo‘yicha bunday bitimlar haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘ladi.
Mulkdor huquqlari va vakolatlarining chegarasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unga asosan, Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 174-moddasiga asosan, o‘ziga qarashli mol-mulkni saqlash, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulk egasining zimmasida bo‘ladi. Agar mulkdor bu majburiyatni bajarmasa, ba’zi hollarda uning mulkiy huquqlari chegaralab qo‘yilishi yoki mol-mulk undan olib qo‘yilishi haqida da’vo oldindan ogohlantirmasdan ham qo‘zg‘atilishi mumkin.
Fuqarolarning mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etish mumkin emasligi bo‘yicha konstitutsiyaviy norma mulkchilik munosabatlarini huquqiy jihatdan kafolatlash, xususiy mulkning daxlsizligini kuchaytirishga katta turtki bo‘ldi.
Shak-shubhasiz, Konstitutsiyamizda fuqarolarning mulki bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlari daxlsizligini kafolatlash bilan bog‘liq normalarning mustahkamlanishi ham xalqimiz, hayot zarurati hisoblanadi.
Xususiy mulk daxlsizligi hamda undan sud qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi normalar nafaqat bizning konstitutsiyamizda, boshqa xorijiy davlatlar, ya’ni Fransiya, Germaniya, Daniya, Indoneziya, Gruziya kabi davlatlar konstitutsiyalarida aks ettirilgan.
Xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, uni turli tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, mulkdorlarni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim mezoni bo‘lib xizmat qiladi.
So‘ngi yillarda fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Biz jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlarini ta’minlash maqsadida xalqaro andozalarga javob beradigan islohotlarimizni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz”. Har qanday inson uchun eng muhim mulk, avvalo bu uning uy-joyidir. Fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyada, shuningdek, boshqa xalqaro hujjatlarda ham begilangan bo‘lib, ushbu xalqaro hujjatlarda belgilangan qoidalar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham o‘z aksini topgan.
Mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilishning huquqiy asoslari mavjud. Xususan:
- “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (24.09.2012y.);
- “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (27.07.2018y., PF-5490);
- “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (01.08.2018y., PF-5495);
- “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi (03.08.2019y., PF-5491);
- “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori (05.04.2019y.) va yana bir qator boshqa normativ huquqiy hujjatlar mavjud.
Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilish bilan bog‘liq normativ huquqiy hujjatlar so‘ngi yillarda jiddiy takomillashdi. Shu bilan birga mazkur huquqlarni amalda himoya qilish borasida ba’zi muammolar ham mavjud.
Mulk huquqining mazmunida nafaqat mulkdorning huquqlari, balki mol-mulkni saqlab turish burchi ham yotadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarbdor tumanlararo sudi raisi
O.Egamberdiev