So‘ngi yillarda Yangi O‘zbekistonda inson qadri ustuvorligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida sud orqali shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarining himoyasini kuchaytirish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha qator choralar ko‘rildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 30 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, FPK, MSIYutK hamda IPKlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilangan.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksiga davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bog‘liq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi hamda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksida, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksida va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga bo‘lgan huquqi belgilanmoqda hamda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish yakunlari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi aniqlashtirilmoqda.
Mazkur Qonun fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan sud orqali himoya qilinish, shuningdek ularning qonuniy manfaatlarini kengroq himoya qilishga, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari boyicha
Zarbdor tuman sudi raisi
Q.Q.Mamaraximov