O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi - xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda.
Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu tantanali bayram O‘zbekiston bo‘ylab barcha tashkilot va muassasalarda keng nishonlanmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yilning 17-oktyabr kuni mamlakatimiz Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi.
Shu munosabat bilan bugun Zarbdor tumani hokimligi katta majlislar zalida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda tumandagi korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, mahalla faollari, faol nuroniylar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Bayram tadbirida Zarbdor tuman 21-sonli maktab direktori Anvar Aralaov so‘zga chiqib, bayram bilan barchani muborakbod etdilar. Ma’ruzachilar Bosh Qomusimizga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, ularning ahamiyati va mohiyati xususida alohida to‘xtaldilar.
Shundan so‘ng, bir qator soha vakillari o‘z sohalarida erishgan ijobiy natijalari uchun hamda “Qishloq xo‘jaligi kuni” munosabati bilan “Ilg‘or fermer”, “Namunali tomorqachi” va “Ma’rifat targ‘ibotchisi” ko‘krak nishonlari, tashakkurnoma va diplomlar, esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.
Bayram tadbiri Zarbdor tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur bilan davom ettirildi.