Телефонлар:
(0372) 492-25-05
(0372) 492-24-95
» » Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oʻrtacha ish haqi miqdori oshirildi

Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oʻrtacha ish haqi miqdori oshirildi

27 декабрь 2022 йил
151
0

Oʻzbekiston Respublikasida pensiya va nafaqa oluvchilarni qoʻllab-quvvatlash, pensiya hisoblashda adolat mezonlarini mustahkamlash yuzasidan bosqichma-bosqich choralar koʻrib borilmoqda. 

Jumladan, 2022-yil 1-maydan eng kam pensiya va nafaqa miqdorlari minimal isteʼmol xarajatlari miqdori (500 ming soʻm)ga yetkazildi, yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga oshirildi. Bundan tashqari, nogironlik pensiya va nafaqalarining eng kam miqdorlari 698 ming soʻmga yetkazildi.

Maʼlumki, pensiya miqdori fuqaroning ish staji va ish haqiga bogʻliq. Yuqori miqdordagi ish haqidan soliq toʻlagan fuqarolarga, Pensiya jamgʻarmasiga qoʻshgan hissasiga munosib pensiyalarni hisoblash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-60-son Farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining eng yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobariga oshirilishi belgilangan.

Bunda, pensiya tayinlashda hisobga olingan oʻrtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln. 240 ming soʻmdan yuqori boʻlgan pensionerlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilib chiqiladi.

Misol uchun:

30 yil ish staj va 3 900 000 soʻm oʻrtacha oylik ish haqi olgan erkak kishiga 2022-yilda 1 944 000 soʻm yoshga doir pensiya tayinlangan.

Pensiya hisobi: oʻrtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 000 soʻm)ning 10 baravari (3 240 000 soʻm)dan yuqori boʻlganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 240 000 soʻm inobatga olingan;

Pensiyaning tayanch miqdori  –  1 782 000 soʻm (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan oʻrtacha oylik ish haqi - 3 240 000 soʻmning 55 foizi);

Ortiqcha ish staji uchun ustama – 162 000 soʻm (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan oʻrtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida - 3 240 000 soʻm * 5 %).

Jami pensiya miqdori 1 782 000 + 162 000 = 1 944 000 soʻm

Ushbu fuqaroning pensiyasi 2023-yil 1-yanvardan qayta hisob-kitob qilinib, 2 332 800 soʻmni tashkil etadi.

Pensiya hisobi: oʻrtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 000 soʻm)ning 12 baravari (3 888 000 soʻm)dan yuqori boʻlganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 888 000 soʻm inobatga olinadi;

Pensiyaning tayanch miqdori  –  2 138 400 soʻm (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan oʻrtacha oylik ish haqi - 3 888 000 soʻmning 55 foizi);

Ortiqcha ish staji uchun ustama – 194 400 soʻm (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan oʻrtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida - 3 888 000 soʻm * 5 %).

Jami pensiya miqdori 2 138 400 + 194 400 = 2 332 800 soʻm.

Yaʼni, fuqaroning 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiya miqdori amaldagiga nisbatan 388 800 soʻmga oshadi.

Yuqoridagi Farmonga muvofiq, bugungi kunda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan oʻrtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln. 240 ming soʻmdan yuqori boʻlgan barcha pensionerlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinib, pensiyasi oshadigan fuqarolarga joriy yilning dekabr oyida SMS xabar yuborildi.

Eslatib oʻtamiz, pensiyalarning miqdori avtomatik tarzda qayta hisob-kitob qilinib, bunda pensionerlarni Pensiya jamgʻarmasiga murojaat etish zaruriyati yoʻq.

Hurmatli fuqaro!

Sizga tayinlangan pensiya miqdori oshganligi toʻgʻrisida maʼlumot olmoqchi boʻlsangiz, mazkur telegram bot orqali tekshirib koʻrishingiz mumkin:

Telegram bot manzili: https://t.me/pensiyauzbot

Shuningdek, oʻzingizni qiziqtirgan savollar boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining Ishonch telefoni – 11-40 ga murojaat qilishingiz mumkin.

 

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi Zarbdor tumani boʻlimi

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар