Vorislik (vasiyat) huquqi haqida bilasizmi?
Vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi.
Vasiyat mavjud bo‘lmasa yoki vasiyat barcha merosni taqsimlamasa, qonun bo‘yicha vorislik qo‘llaniladi.
Vasiyat va qonun bo‘yicha vorislar sifatida meros ochilganda hayot bo‘lgan shaxslar, meros qoldiruvchi hayotligida homila holida bo‘lib, meros ochilgandan so‘ng tirik tug‘ilgan bolalar bo‘lishi mumkin.
Meros ochilganda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.
Quyidagilar meros qoldiruvchining shaxsi bilan bog‘liq huquq va majburiyatlar hisoblanadi hamda meros tarkibiga kirmaydi:
tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari;
hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish;
aliment huquqlari va majburiyatlari;
pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;
shaxsiy nomulkiy huquqlar.
Meros qoldiruvchining shaxsiy nomulkiy huquqlari va boshqa nomoddiy boyliklari merosxo‘rlar tomonidan himoya qilinishi mumkin.
Umumiy mulk ishtirokchisi o‘lsa uning ulushi ajratiladi. Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqdagi o‘z ulushini vasiyat qilishi mumkin.
Meros fuqaro o‘lganidan yoki u sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilingandan keyin ochiladi.
Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi.
Meros qoldiruvchini yoki merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan, shuningdek meros qoldiruvchiga meros qoldirish vaqtida ta’sir o‘tkazgan shaxslar vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqidan mahrum qilinadi.
Fuqaro mol-mulkini u vafot etgandan keyin kimgadur qoldirish haqidagi xohish-irodasi vasiyat hisoblanadi.
Vasiyatnoma shaxsan tuziladi, vasiyatnomani vakil orqali tuzish mumkin emas.
Vasiyat qiluvchi merosxo‘rlardan istaganini hech qanday izohsiz merosdan mahrum qilishga haqli.
Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilishi va o‘zgartirishi mumkin.
Vasiyatnoma yozma shaklda joyi va vaqti ko‘rsatilib tuziladi.
Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi lozim.
Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan bo‘lishi lozim.
Quyidagi vasiyatnomalar notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi:
kasalxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki keksalar va nogironlar uchun internat uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu kasalxonalar, gospitallar va muassasalarning bosh vrachlari, ularning o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, gospitallarning boshliqlari, internat uylarning direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalar;
fuqarolar O‘zbekiston bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurganda kema kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalar;
qidiruv ekspeditsiyalaridagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
harbiy xizmatchilarning komandirlar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
notarius bo‘lmagan hududda notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalar.
Notarius, vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa mansabdor shaxslar meros ochilgungacha vasiyatnomaga oid ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin emas.
Tegishli shaklda tuzilmagan vasiyatnoma haqiqiy emas.
Vasiyat qiluvchi vasiyatnomaning ijro etilishini vasiyatnomada ko‘rsatgan, merosxo‘r hisoblanmaydigan shaxsga topshirishi mumkin. Bu shaxsning vasiyatnomaning ijro etuvchisi bo‘lishga roziligi uning o‘z qo‘li bilan vasiyatnomaga yozgan ustxatida yoki vasiyatnomaga ilova qilingan arizasida aks ettirilishi lozim.
Merosxo‘rlar o‘zaro kelishib, vasiyatnomaning ijrosini merosxo‘rlardan biriga yoxud boshqa shaxsga topshirishga haqlidirlar. Bunday kelishuvga erishilmaganda, vasiyatnomani ijro etuvchi bir yoki bir necha merosxo‘rning talabi bilan sud tomonidan tayinlanishi mumkin.
Vasiyatnoma bo‘lmaganida qonun bo‘yicha vorislik asosida meros taqsimlanadi.
Meros qoldiruvchining bolalari, eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega.
Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega.
Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega.
Qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar o‘lsa, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tadi.
Meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lgan va u bilan birgalikda yashagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga kiradi.
Meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar.
Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan 6 oy o‘tganidan keyin beriladi.
Merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli.
Meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining zarur xarajatlari, dafn etish xarajatlari, merosni egallash bilan bog‘liq harajatlar qoplanishi kerak.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi Yuridik markazi bosh yuriskonsulti A.Abduvaitov