Ish beruvchi xodimga og‘zaki ravishda ogohlantirish berishi mumkinmi?
Mehnat to'g'risidagi qonunchilik xodimni ishdan bo'shatish haqida oldindan ogohlantirishni talab etadi. Buni og'zaki ravishda bajarsa bo'ladimi? Agar xodim ogohlantirishni olishni rad etsa yoki ishga chiqmayotgan bo'lsa, qanday yo'l tutish lozim? Elektron aloqa vositalari orqali xabarnoma yuborish mumkinmi?
Og'zaki ravishda ogohlantirish mumkinmi
- Ish beruvchining mehnat shartnomasini bekor qilish haqida oldindan xodimni ogohlantirish majburiyati MKning 87 va 102-moddalarida nazarda tutilgan. Ishdan bo'shatish asoslariga bog'liq holda ogohlantirish muddati ishdan bo'shatish kunidan 3 kundan 2 oygacha oldinni tashkil etadi. Aksariyat hollarda yozma ravishda ogohlantirish zarur. Istisno – xodim tomonidan aybli harakatlar sodir etilganligi munosabati bilan ishdan bo'shatish to'g'risida xabarnoma MK 100-m. 2-q. 3-4-b.. Biroq baribir bu yerda ham ehtimoliy mehnat nizolarining oldini olish uchun yozma shaklga e'tiborli bo'lishni tavsiya qilamiz.
Bunda MKning 102-moddasida ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni shunchaki yozma ravishda emas, balki “imzo chektirib” ogohlantirishi shartligi aytilgan. Qoidaga ko'ra, xodim ish beruvchining yozma ogohlantirishining nusxasida imzo chekadi.
Ishdan bo'shashni istagan xodim ham bu haqda ish beruvchini ogohlantirishi shart.
Agar xodim ogohlantirishni olishni rad etayotgan yoki ishga chiqmayotgan bo'lsa, qanday yo'l tutish lozim?
Buni kamida 3 kishi hozirligida dalolatnoma bilan qayd eting. Hujjatga qo'shimcha tarzda audio yoki videoqayd qilishdan ham foydalanish mumkin. Agar xodim ishga chiqmayotgan bo'lsa, ogohlantirishni unga yashash joyi bo'yicha berib yuborish yoki xabarnoma bilan pochta orqali jo'natish mumkin.
Oliy Sud Plenumining 17.04.1998 yildagi 12-son qarorining 17-bandida quyidagilar ko'rsatilgan: ogohlantirishda xodimning imzosi bo'lmagan taqdirda ham ish beruvchi hodimning belgilangan muddatda ogohlantirish bilan tanishtirilgani, lekin xodim imzo qo'yishdan bosh tortgani haqida ishonarli dalillar keltirsa, sud xodimni o'z vaqtida mehnat shartnomasining bekor qilinishi bo'yicha ogohlantirilgan deb topishi mumkin.
Xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish haqida faqat mehnat munosabatlarini bekor qilish huquqiga ega mansabdor shaxsgina ogohlantirishi mumkin. Ya'ni aynan u ogohlantirishni imzolashi kerak. Boshqa mas'ul xodim, masalan, kadrlar bo'limi boshlig'i uni topshirishi mumkin.
Xodimni elektron aloqa vositalari orqali xabardor qilish mumkinmi?
Elektron hujjat aylanishidan shu jumladan rasmiy va norasmiy yozishmalarni amalga oshirish hamda boshqa axborotni uzatishda foydalanish mumkin. Elektron hujjat quyidagi majburiy rekvizitlar mavjud bo'lgan taqdirda qog'oz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo'ladi:
- elektron raqamli imzo (ERI);
- yuridik shaxsning nomi yoki jo'natuvchi-jismoniy shaxsning F.I.O.;
- elektron hujjatni jo'natuvchining pochta va elektron manzili;
- hujjat yaratilgan sana.
Tegishincha, xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida elektron pochta, Telegram messenjeri va h.k. orqali ham xabardor qilsa bo'ladi, deb xulosa qilish mumkin. Biroq amaliyotda hozircha hammasi bunchalik oson emas... Elektron hujjat olinganligi dalilini qanday isbotlash mumkin, buning ustiga hujjat bilan tanishganligidan dalolat beruvchi xodimning imzosi qanday olinadi? Qoidaga ko'ra, xodim, agar unda ERI bo'lmasa, hujjatni chop etishi, uni imzolashi va shu shaklda elektron vosita orqali ish beruvchiga jo'natishi kerak. Yoki – alohida ariza – tanishganligi to'g'risida xabarnoma yozishi – va yana uni imzolashi kerak. Biroq bu yerda faqat xodimning vijdonliligiga umid qilish mumkin, axir uni ushbu amallarni bajarishga majburlab bo'lmaydi. Tanishganligi to'g'risidagi tasdiqnomani olmasdan faqat hujjatni jo'natish dalilini o'zini xabardor qilish deb hisoblab bo'lmaydi. Buning ustiga, elektron hujjat texnik nosozliklar tufayli manziliga yetib bormasligi mumkin.
Shu bois, fikrimizcha, mehnat munosabatlarini elektron tarzda rasmiylashtirishning aniq tartibini qonun bilan tartibga solmagunlaricha, xabarnomani an'anaviy pochta orqali jo'natish uni qo'lga topshirishga yagona to'laqonli muqobil bo'lib qolmoqda. Xodimga “xabarnoma bilan” buyurtma xat jo'natiladi, u unga imzo chekadi. Shundan keyin ushbu “koreshok” xodimning imzosi bilan ish beruvchiga beriladi va xodimning bo'lg'usi ishdan bo'shatilishi to'g'risida ogohlantirilganligining tasdig'i bo'lib xizmat qiladi.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi Yuridik markazi bosh yuriskonsulti A.Abduvaitov