Tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatganlik uchun qanday imtiyozlarga ega bo‘lishadi
Elektr energetika tizimiga yuklamani pasaytirish uchun davlat qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanuvchi tadbirkorlarni rag'batlantiradi.
Nafaqat imtiyozlar, balki majburiyatlar ham qo'shiladi. Bu Prezidentning “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-57-son qarorida nazarda tutilgan.
Yangiliklar:
“Yashil energiya” MChJ tashkil etiladi. Ushbu kompaniya ijtimoiy soha ob'ektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatadi.
Unga quyidagilarga ruxsat berildi:
- o'z mablag'lari hisobidan davlat organlari va tashkilotlari bino va inshootlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatganda, ushbu bino-inshootlarning tegishli qismlaridan ijara huquqi asosida bepul foydalanish. Ijara shartnomalari belgilangan tartibda soliq organlarida ro'yxatdan o'tkaziladi;
- mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini va ularning ehtiyot qismlarini xarid qilish, o'rnatish va ularga servis xizmatlarini ko'rsatish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalariga ko'ra to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar tuzish.
- 11 ming nafar tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari o'rnatiladi hamda kichik fotoelektr stantsiyalarini barpo etiladi. Reja – qarorga 3-ilovada.
- 2023 yil 1 apreldan boshlab umumiy quvvati 100 kVtgacha bo'lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo'yicha mol-mulk solig'i, qurilmalar bilan band bo'lgan uchastkalar bo'yicha yer solig'i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig'ini to'lashdan:
- ular foydalanishga topshirilgan paytdan e'tiboran 3 yil muddatga;
- o'rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo'lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o'rnatilgan bo'lsa — 10 yil muddatga ozod etiladi. 2023 yil 1 martdan boshlab, agar siz elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko'rsatilgan quvvatdan yuqori bo'lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulasangiz, qo'shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.
- Tadbirkorlarga, shu jumladan xorijiy investorlarga:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va (yoki) hududiy elektr tarmoqlariga o'rnatilgan tariflarda, boshqa iste'molchilarga o'zaro kelishilgan narxlarda to'g'ridan-to'g'ri tuzilgan, shu jumladan uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishga;
- boshqa shaxslarga tegishli ob'ektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishga ruxsat beriladi.
- Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatgan tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan oy davomida yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan va iste'mol qilingan elektr energiyasi hajmining hisobi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ billing tizimida yuritiladi. Oy yakuni bilan tarmoqqa uzatilgan va iste'mol qilingan elektr energiyasi hajmi o'rtasidagi tafovutga asosan o'zaro hisob-kitob qilinadi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini saqlab berish xizmati uchun haq olinmaydi.
Quvvati 300 kVt va undan yuqori bo'lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ushbu manbalar Energetika vazirligida ro'yxatdan o'tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi.
- 2023 yil 1 martdan boshlab “Yashil energiya” bank moliya mahsuloti joriy etiladi. Uning yordamida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish va o'rnatish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish uchun imtiyozli shartlarda resurslar olish mumkin.
- 2023 yil 1 apreldan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o'rnatishni rag'batlantirish bo'yicha “Quyoshli xonadon” dasturi ishga tushiriladi. Reja – qarorga 4-ilovada.
Dastur doirasida:
a) jismoniy shaxslarga tegishli ob'ektlarda o'rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o'z iste'molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga Davlat byudjetidan 1 000 so'mdan subsidiya ajratiladi. Subsidiya har oy yakuni bilan jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan energiya hajmi va tizimdan iste'mol qilingan elektr energiyasi hajmi o'rtasidagi ijobiy tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Subsidiya mablag'lari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi. Uni har oyda “Soliq” mobilь ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartalariga olish mumkin;
b) jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasi hajmi:
– oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste'mol qilingan elektr energiyasi hajmidan ko'p bo'lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo'yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga to'lov qilinmaydi;
– oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste'mol qilingan elektr energiyasi hajmidan kam bo'lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo'yicha to'lovlar iste'mol qilingan va uzatilgan elektr energiyasi farqidan kelib chiqib hisoblanadi.
2023 yil 1 maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko'p qavatli uylar tomlari bo'sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o'rnatish talabi joriy qilinadi.
Ko'p ijtimoiy soha ob'ektlari, issiqxonalar, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning (tasdiqlangan ro'yxat bo'yicha) lokal isitish tizimlari ko'mir yoqilg'isiga o'tkaziladi.
2023 yil 1 maydan boshlab:
- yangi tashkil etiladigan issiqxona xo'jaliklari hamda sement, g'isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi;
- respublikadagi barcha yoqilg'i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta'minotining kamida 50 foizi ushbu ob'ektlarda o'rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanadi.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi
Yuridik markazi bosh yuriskonsulti
A.Abduvaitov