Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining vazifalari belgilandi.
Prezidentning 29.12.2022-yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi qonunchilik va huquqiy siyosat institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-462-son qarori qabul qilindi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish uchun Prezident huzurida Qonunchilik va huquqiy siyosat institutini tashkil etildi. U davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasasi shaklida tashkil etildi. Institut faoliyatiga umumiy rahbarlik Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Institutning asosiy vazifalari belgilandi:
- Prezidentning huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- qonun loyihalarini ishlab chiqish va parlamentga kiritish bo‘yicha dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishni, qonun loyihalarini Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqish va qabul qilishning barcha bosqichlarida ularning o‘tishini monitoring qilish;
- qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish va amalga oshirilishini monitoring qilish, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- milliy qonunchilikni rivojlantirishni prognozlash sohasida tizimli tadqiqotlarni, ilg‘or xalqaro tajriba, zamonaviy yuridik fan yutuqlari, yuridik amaliyotdan foydalanish asosida ushbu tadqiqotlar natijalarining qonun ijodkorligi ishlariga doir davlat dasturlarini tayyorlash jarayoniga joriy etilishini tashkil etish;
- mamlakatimizda huquqiy siyosatni amalga oshirish, konstitutsiyaviy va davlat qurilishi sohalarida olib borilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlarni umumiy muvofiqlashtirish.
Institutning tuzilmasi va Ustavi, shuningdek xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi bo‘yicha haq to‘lash razryadlari tasdiqlandi.
Institut 38 ta shtat birligidan iborat bo‘lib, shundan 13 ta shtat birligi ma’muriy islohotlar doirasida bo‘shaydigan shtatlar hisobidan shakllantiriladi.
Institut tomonidan o‘tkaziladigan fundamental va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Institut huzurida tarkibi Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadigan Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi.
Institut faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib quyidagilar belgilandi:
- har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida ajratiladigan O‘zbekiston Davlat byudjeti mablag‘lari;
- Prezident Administratsiyasi faoliyatiga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari;
- Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan grant tanlovlari natijalari asosida ajratiladigan mablag‘lar;
- vazirlik, idora va muassasalar tomonidan ularning buyurtmalari asosida tadqiqotlar va baholash ishlarini olib borish uchun ajratiladigan mablag‘lar;
- xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant va maqsadli mablag‘lari;
- qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Zarbdor tuman adliya bo'limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi xodimi A.Abduvaitov