Zarbdorda "Har kuning Navro‘z bo‘lsin, Jonajon O‘zbekistonim!" shiori ostida Navro‘z sayli bo‘lib o‘tdi.
Ko‘klam nafasi... Saharlarning tarovati o‘zgacha. Tonglarni mayin shabbodayu anchadan buyon qulog‘imizga chalinmay qolgan sayroqi qushlarning dilga quvonch ulashguvchi ovozi bilan qarshi olmoqdamiz. Qiyg‘os gullagan bodomu o‘rik shoxlariga boqib, asalarining u guldan bu gulga qo‘nib, allaqachon harakatga tushib qolganidan zavqlanib ketadi kishi. Kimdir ko‘chat o‘tqazishga chog‘langan, kimdir maysa undirmoqda, qavm-qarindosh, mahalla ahli katta-katta doshqozonlar atrofida sumalak tayyorlashga oshiqqan. Shunday shukuhli damlarda tumanimizdagi Markaziy o‘yingohda tuman hokimligi tashabbusi bilan Navro‘z sayli tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Bayram munosabati bilan tumandagi har bir korxona va tashkilotlar hamda muassasalar tomonidan ko‘tarinki ruhda tayyorgarlik ko‘rildi. Markaziy ko‘cha va istirohat bog‘larida bayramga xos shiorlar, rang-barang bayroqchalar ilindi. Ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelgan ezgu udumlar bardavom bo‘lib, Navro‘z ayyomi oldidan barcha qabristonlarda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ko‘chalar obod etilib, ariq va zovurlar tozalandi. Mevali va manzarali daraxtlar, turfa rang gullar o‘tqazildi. Tumanimiz qishloqlarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalar, bemor fuqarolar, keksa nuroniylar holidan xabar olindi. Ayni shu sa’y-harakatlar tufayli qutlug‘ shodiyonani barcha birdek, xursandchilik bilan qarshi olishi uchun munosib tadorik ko‘rildi.
Shodu xurramlik, do‘stlik va hamjihatlik ayyomi - Navro‘z sayliga tuman markazida ko‘tarinki ruhda tayyorgarlik ko‘rildi. Qadimiy urf-odat va an’analarga xos bo‘lgan ko‘rgazmalar tashkil etildi. Saylda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan keksa-yu yosh bilan gavjum. Barchaning yuzida tabassum, bugungi kundan rozilik, shod-u xurramlik, shukronalik hisi balqib turibdi.
Bunday shukuhli damlarda, tinch va osoyishta yurtda har bir ko‘ngilga bayram tatiydi.
Saylga yurtimizning turli go‘shalaridan badiiy jamoalar, ashula va raqs ansambllari, folklor jamoalari, askiyachilar, alyorchilar jalb etildi. Yirik sahnada ijro etilgan "Enalar" folklor etnografik xalq dastasi hamda "Boychechak" folklor bolalar dastasining chiqishlari, "Gulpari" xalq dastasi va taniqli xonandalarning konsert dasturlari barchaga xushnudlik bag‘ishladi. Havaskor folklor jamoalarining chiqishlari tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Zarbdor tuman hokimligi Axborot xizmati