Zarbdor tumanida "Ma’naviyat maskani" ochildi.
Mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida "Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!" shiori ostida Zarbdor tumanida yangi "Ma’naviyat maskani" ochildi.
"Nuroniylar maskani" bilan birga foydalanishga topshirilgan bino, aholining ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishiga, "Bir nuroniy 10 nafar yoshga ma’naviy homiy" loyihasining yanada bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-5040-son qarorining 8-bandida Markaz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanini tashkil etish topshirig‘i berilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-yilning 8-avgust kuni Zarbdor tuman markazidagi Nuroniylar maskani binosida Ma’naviyat maskani binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni tuman hokimi Z.Sh.Ruziyev ochib berdi va so‘zi davomida Ma’naviyatning inson hayotida, har bir davlatning ijtimoiy rivojida qanchalik ahamiyatli ekanligi borasida gapirib o‘tdi.
Shundan so‘ng Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari I.O.Umarova so‘z oldi va so‘zi davomida har bir hududda Ma’naviyat maskani bo‘lishi kerakligini, Ma’naviyat insonning ichki dunyosi, ichki kuchi ekanligini eslatib o‘tdi.
Tadbir davomida tuman madaniyat bo‘limi tomonidan ajoyib musiqali chiqishlar namoyish etildi.
Tadbirning rasmiy ochilishidan so‘ng tumanimiz faollari hamda rahbarlar tomonidan mahsus lentalar kesildi va tashrif buyurgan mehmonlar yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi.