Zarbdorda reklamalarning davlat tili talablariga muvofiqligi o‘rganildi
Zarbdor tumanida reklama va axborot matnlarining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunga mosligi, imloviy va uslubiy xatoliklar mavjud bo‘lgan peshlavhalarni yangilash va tartibga solish bo‘yicha tuman hokimligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
— Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan ona tilimiz dunyodagi eng boy va qadimiy tillardan biri bo‘lib, uni asrab avaylash har birimizning burchimizdir, — deydi Zarbdor tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi O‘ktam Sulaymonov. — Tumanimizda ishchi guruh o‘rganishlari natijasida O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni 20-moddasi talablariga to‘g‘ri kelmaydigan e’lonlar, peshlavhalar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali axborot matnlari olib tashlandi hamda bu yo‘nalishdagi qonunchilik mazmun-mohiyati, ahamiyati to‘g‘risida yigirmadan ziyod tadbirkorlarga tushunchalar berildi.
Zarbdor tuman hokimligi Axborot xizmati