8-MART XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN ZARBDOR TUMAN HOKIMI RUZIYEV ZAFAR SHAROPOVICHNING BAYRAM TABRIGI
Muhtaram onaxonlar, qadrli opa-singillar, lobar qizlar!
Sizlarni, sizlar timsolingizda barcha mo‘tabar onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni go‘zallik bayrami 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklayman.
Bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib kutamiz. Bu bayram Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal tilaklarni aytadigan kun.
Qadrli opa-singillar!
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar o‘rni va mavqei ortib bormoqda. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlari, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda. Muhtaram Prezidentimizning farmoniga asosan samarali mehnatlari uchun o‘ndan ziyod ayollarimiz Vatanimizning orden va medallari bilan, 2 nafar onaxonimiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Xotin-qizlarimiz Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.
Aziz ayollar!
Bugun mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Yangi O‘zbekiston “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan g‘oya asosida taraqqiy etmoqda.
Muhatarm Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Siz, azizlarning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni biz o‘zimiz uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilamiz. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi”.
Qadrli opa-singillar!
Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Muhtaram Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining bo‘ysunuvi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi. Bugungi kunda tumandagi 24 ta mahallarda xotin-qizlar bilan faol ish olib boradigan mahalla xotin-qizlar faollari ish olib bormoqda.
Oilalarni mustahkamlash, turli oilaviy janjal va ajrimlarning oldini olish, bu borada oilalar va farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratish, oilalarda an’ana va qadriyatlarimizni mustahkamlash maqsadida har bir mahallada “Oqila ayollar” harakati yo‘lga qo‘yilgan. Ular safiga yetarli hayot tajribasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar, kayvoni onaxonlar, mahalla faollari biriktirilgan. “Oqila ayollar” harakati a’zolari qizlarimizni mustaqil hayotga tayyorlashda o‘z hissalarini qo‘shadilar deb o‘ylayman.
Muhtaram onaxonlar!
Bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda biz o‘z oldimizga katta vazifalar qo‘yganmiz. Ularni bajarish albatta oson bo‘lmaydi. Bu yo‘lda biz cheksiz kuch va madad beradigan olijanob xalqimiz, mo‘tabar onalarimiz, aziz opa-singillarimizga suyanamiz. Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda bunyod etamiz!
Mo‘tabar onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Fursatdan foydalanib, Sizlarni yana bir bor 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklayman. Tilagimiz – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘ling! Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!