Телефонлар:
(0372) 492-25-05
(0372) 492-24-95
» » Yangi tahrirdagi Konstitutsiya — inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya — inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati.

18 июнь 2024 йил
119
0

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan.

 Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston — inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi; xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi; «odamlar tashvishi bilan yashash», xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi; barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Demokratiyaning talabu taomili va ustunligi ham shunda. Bunda qonun chiqaruvchi va ijro organlaridan inson huquqlarini ta’minlash; demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish; hokimiyat tarmoqlarini tiyib turish va muvozanatni saqlashda parlament rolini oshirish; davlat xizmatlari sifati va samaradorligini yaxshilash, davlat organlari faoliyatining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.

Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak!

Yuqorida aytib o‘tilgan moddaning ikkinchi bandi birinchi qismida belgilab berilgan O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilishi to‘g‘risidagi norma ham aytib o‘tilgan fikrlarning tasdig‘idir. Hech shubhasiz, ushbu normalar mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash bilan bir qatorda xalqimiz xohish-irodasi va insonlarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Mazkur moddaning ikkinchi bandida yana bir umume’tirof etilgan tamoyil mustahkamlangan. Unga ko‘ra davlat hokimiyati faqat «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi».

Konstitutsiyadagi ushbu qoidalar 10-moddaning «O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin», degan birinchi bandida yanada aniq ifoda etilgan va chuqur ochib berilgan. Ya’ni jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.

Ushbu normalar talqini asnosida shuni ta’kidlash o‘rinliki, insoniyat tajribasi negizida demokratiyaning ikki turi ishlab chiqilgan. Bulardan biri — to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni bevosita demokratiya bo‘lsa, ikkinchisi — saylangan vakillarning tegishli muassasalari orqali amalga oshiriladigan vakillik demokratiyasidir.

Shunga ko‘ra O‘zbekistonda boshqaruv davlat hokimiyatining uch tarmoqdan iborat tizimi orqali amalga oshiriladi: Oliy Majlis qonun chiqaruvchi vakillik organi sifatida qonunlarni qabul qiladi, Vazirlar Mahkamasi boshchiligidagi ijro hokimiyati ularning ijrosini ta’minlaydi, sudlar odil sudlov organlari sifatida nizolarni qonun asosida hal qiladi. Ushbu organlarning har biri muayyan doiradagi vakolatlarga egadir.

 

Q.Q.Mamaraximov

Jinoyat ishlari bo’yicha Zarbdor tuman sud raisi

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар