“O‘zbekiston - 2030” — inson manfaati, uning qadr-qimmati uchun.
Bugungi kunda yurtimizni rivojlantirish, inson qadrini ulug’lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ko’plab ijobiy natijalarga erishildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning porloq kelajagiga yo‘naltirilgan, yurtimizni rivojlantirish strategiyasining amaliy dasturi bo‘lgan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonni imzolanishi ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
5 ta ustuvor yo‘nalishlar va 100 ta maqsaddan iborat mazkur Farmon mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish bilan birga fuqarolarga yangi-yangi imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
Xususan, unda har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Farmonning e’tiborli jihatlaridan yana biri shundaki, kelgusi yillarga mo‘ljallangan strategiyada birinchi o‘ringa shaxs, inson qadri yuqori o‘ringa qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natija, inson manfaati, uning qadr-qimmati bosh maqsadga aylangan.
Qolaversa, Farmonda kelgusi yillar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilar ekan, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, keng ko‘lamli islohotlar jarayoni izchil davom etib, ular sermahsul bo‘lishidan butun xalqimiz manfaatdordir.
Jinoyat ishlari bo’yicha Zarbdor tuman sudi raisi
Q.Mamaraximov