ZARBDOR TUMANIDA “BIR NURONIY O‘N YOSHGA MAS’UL” KO‘RIK-TANLOVI BO‘LIB O‘TDI
Zarbdor tuman hokimligi tantanalar zalida “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi, oila va xotin qizlar tuman bo‘limi, respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Zarbdor tuman bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir avvalida “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi mas’ul xodimi Abdulla Azimov so‘zga chiqib, tumanimizda nuroniylarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘zlab o‘tdi. Tanlovda tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida muammoli yoshlarga biriktirilgan 12 nafar nuroniylar ishtirok etdilar.
Tanlov ishtirokchilari nizomda ko‘rsatilgan uchta shart asosida bellashishdi. Hakamlar hay’ati tomonidan faol ishtirokchilar munosib baholab borildi.
Qiziqarli tarzda kechgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining 1-darajali diplomi hamda pul mukofoti bilan “Sharq yulduzi” mahallasidan Mamatova Ulbo‘sin, 2- darajali diplomi hamda pul mukofoti bilan “Yangixayot” mahallasidan Jo‘rayev Safar, 3-darajali diplomi hamda pul mukofoti bilan “Toshkesgan” mahallasidan Xadiyev Asrorxonlar taqdirlanishdi.
G‘olib ishtirokchilarga tanlov tashkilotchilarining pul mukofoti va esdalik sovg‘alari, faol ishtirokchilarga esa tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi tomonidan badiiy kitoblar jamlamasi ham topshirildi. Tanlovda tuman madaniyat bo‘limi badiiy havaskorlari ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.