Oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari
Oilani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida barqarorligini ta’minlash har bir mamlakatning doimiy e’tiborda bo‘ladigan ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi.
Yurtimizda azaldan oila muqaddas qo‘rg‘on sifatida e’zozlangan. Zero, inson qalbida ahillik, mehr-oqibat tuyg‘ulari, ilm-ma’rifatga oshno bo‘lish ko‘nikmasi, avvalo, shu aziz dargohda shakllana boshlaydi. Bosh qomusimizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, deb belgilanganligi zamirida ham ana shu milliy qadriyatlarimiz mazmuni mujassam.
Jumladan, xalqimizning milliy o‘ziga xosligi, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odat va an’analarimiz, qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat va ishonch ramzi sifatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga “Oila” deb nomlangan alohida bob kiritilib, uning 76-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi qat’iy kafolatlab qo‘yildi.
Oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi yana bir muhim huquqiy hujjatlardan biri - O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida ham oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida ekanligi haqidagi qoida mustahkamlandi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 15 iyundagi «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida jamiyatimiz hayotida, xalqimiz orasida uchrab turadigan, ayniqsa oila va nikoh sohasida duch kelinayotgan o‘ta dolzarb, og‘riqli va o‘tkir muammolar to‘g‘risida, xususan, turmush qurgan yoshlar orasida hayotni yengil-yelpi tasavvur qilish, oila muqaddas ekanini tushunib yetmaslik holatlarining uchrab turganligi, yosh oilalar orasida arzimas sabablar bilan ajralishlar ko‘payib borayotganligi, begunoh bolalar yetim bo‘lib, mehr va e’tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolayotganligi haqida gapirib, “... oilalarda nosog‘lom munosabatlar, qaynona-kelin, er-xotin o‘rtasidagi janjallar, xotin-qizlarimiz orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari borligi shaxsan meni qattiq iztirobga solmoqda”, degan edilar.
Darhaqiqat, jamiyat va davlat uchun oila, nikoh, onalik, otalik va bolalik ijtimoiy jihatdan muhim ahamiyatga egadir, zero ushbu tushunchalar jamiyat va davlat shakllanishini ta’minlovchi muhim omillar hisoblanadi.
Bugungi kunda sudlarda nikohdan ajratish bilan bog‘liq da’vo arizalar sonli sezilari darajada oshib bormoqda.
Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug‘ilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi va u bilan bog‘liq mojarolar, ayrim xonadonlardagi mavjud notinch ma’naviy-ruhiy muhit natijasida sodir bo‘layotgan nikohdan ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalardan biridir.
Kundalik hayotimizda oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layotgan turli omillar mavjud bo‘lib, oilalarning buzilish sabablari taxlil qilinganida, farzandsizlik, xiyonat, uzoq vaqt birga yashamaslik, yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, yigitlarning oilani boshqarish, ro‘zg‘orni moddiy ta’minlash, farzandlarni ma’nan hamda jismonan sog‘lom qilib tarbiyalashni o‘z burchlari, deb bilmasliklari, o‘zaro muhabbatning yo‘qligi, fe’l-atvorning to‘g‘ri kelmasligi, ichkilikbozlik yoki boshqa ayollar bilan hayot kechirishi, qizlarning esa uy bekasi, onalik vazifasini tushunmasligi, aksariyat hollarda qaynona va kelin o‘rtasidagi mojarolar tufayli yuzaga kelayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.
Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik, ikki yoshning boshini qovushtirib, bir oilani barpo qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Buning uchun ota-onalar, yoshi ulug‘lar ko‘pdan-ko‘p maslahat va sa’y-harakatlar qilishadi, yelib-yugurishadi. Biroq yosh er-xotin o‘rtasidagi arzimas gap-so‘zlar va asossiz vajlar tufayli guldek oilaning barbod bo‘lishi achinarli hol.
Bilamizki, oilalar tinchligi va mustahkamligida oila boshlig‘i erkaklarning o‘rni hamda mas’uliyati juda katta.
Xo‘sh, muammolarning oldini qanday olish zarur? Avvalo, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlab borish zarur. Bu juda muhim ahamiyatga ega. Unda bir qator omillarga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi, ya’ni oiladagi ajrimlarni oldini olishda, asosan, yoshlarni oila ilmiga o‘rgatish maqsadga muvofiqdir. Ularda oila muqaddas qo‘rg‘on ekanligi to‘g‘risidagi targ‘ibot-tushuntirish ishlarini butunlay yangi bosqichda va yondashuvlar asosida olib borish kerak bo‘ladi.
J.Esanov
Jizzax viloyat sudining sudyasi