YETIM BOLALAR VA OTA-ONA QARAMOG‘IDAN MAHRUM BO‘LGAN BOLALAR HAMDA ULARNI FARZANDLIKKA YOKI VASIYLIKKA OLGAN FUQAROLAR BILAN SUHBAT OʻTKAZILDI
"2022-yil - Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" doirasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5216-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Zarbdor tuman hududida yashovchi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda ularni farzandlikka yoki vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan fuqarolarga bepul yuridik xizmat ko‘rsatish boʻyicha Jizzax viloyat Adliya boshqarmasi huzuridagi Zarbdor tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan joylarga chiqqan holda huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Joriy yilning 11-fevral kuni, “Huquqiy targʻibot kuni” doirasida Markaz xodimlari tomonidan tuman hududida joylashgan “Ravot”, “Toshkesgan” va “Sharq Yulduzi” mahallalarida yashovchi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ularni farzandlikka yoki vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan fuqarolar bilan yashash joylariga chiqqan holda suhbat oʻtkazildi.
Monitoring suhbat jarayonida bir qator qonunchilik hujjatlari bo‘yicha huquqiy targ‘ibot-tashviqot tadbirlari amalga oshirildi, jumladan:
Hukumat qarori bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Nizomga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida «Mehr daftari»ga kiritiladi va undan chiqariladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar 25 yoshga to‘lganda tegishli qaror asosida «Mehr daftari»dan chiqariladi.
Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi ta’minlangan va uy-joyi mavjud bo‘lishi shart. Bandligi ta’minlanmagan holatlarda, «Mehr daftari» hisobida turish muddati bandligi ta’minlangungacha, biroq 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.
O‘quv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shu’balari «Mehr daftari»ni shakllantirishga mas’ul hisoblanadi.
“Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan:
- yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarida hamda ularni tamomlagandan so‘ng akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya oladigan muddatda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lishi, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalarga ularning shaxsiy xarajatlari uchun har oyda 2 BHM (540000 so‘m) miqdorida pul mablag‘lari to‘lanadi.
- davlat ta’minotiga olingan bolalarga (keyingi o‘rinlarda — o‘quvchi (talaba) ular ta’lim muassasasini bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish hamda yo‘l xarajatlari uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 35 baravari (9 450 000 so‘m) miqdorida pul nafaqasi (keyingi o‘rinlarda — bitiruv nafaqasi) beriladi.
Ushbu imtiyozlar quyidagilarga nisbatan amal qilmasligi tushuntirib o‘tildi, ya’ni:
- davlat tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarida tarbiyalanayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalarga;
- vasiylik yoki homiylik belgilangan bolalarga;
- oilaga tarbiyaga (patronat) olingan bolalarga;
- oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’lim yo‘nalishi, ta’limning sirtqi shaklida ta’lim olayotgan, shuningdek, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat bosqichini bitirgan yili o‘qishga qabul qilinmagan talabalarga.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy bilan ta’minlash tartibi belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5216-son qarori bilan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratilishi belgilangan.
Suhbat jarayonida mazkur fuqarolarga ijtimoiy ta'minot masalalaridagi qonunchilik hujjatlari boʻyicha ham tushuntirish berildi.
Shuningdek, monitoring jarayonida ushbu toifadagi fuqarolarning mavjud muammolari o‘rganib ko‘rildi va ularni yechimini topish masalasida Markaz tomonidan bepul yuridik xizmat ko‘rsatilishi tushuntirib o‘tildi.
Jizzax viloyati Adliya boshqarmasi
Zarbdor tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.