TADBIRKOR HUQUQI SUD HIMOYASIDA
Yer bilan tillashish, dalalarda mehnatdan qochmay hosil yetishitirish oson ish emas, albatta! Fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishitirilgan bug‘doy, paxta, poliz ekinlari nafaqat iqtisodiyotimizning tayanchlaridan, qolaversa, dasturxonimizning to‘kinligi, garovi ham hisoblanadi. Hozirgi kunda butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi jiddiy bir muammo sifatida qaralayotgan bir paytda fermerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilmoqlik, buzilgan huquqlarini tiklash nafaqat odil sudlovni ta’minlash, shuningdek, mamlakatda oziq-ovqat tanqisligining oldini olishga qo‘shilgan hissadir.
Jumladan, Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan fermer xo‘jaliklarining buzilgan huquq va manfaatlari doimiy tarzda tiklab kelinmoqda. Misol sifatida, 2022 yilning ayni pishiqchilik paytlarida bir fermer xo‘jaligining huquqlari tiklandi. Ushbu iqtisodiy ishga ko‘ra, “AAAA” fermer xo‘jaligi (bundan buyon matnda “Da’vogar” deb yuritiladi) hamda "B-KLASTER" mas’uliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda “Javobgar” deb yuritiladi) o‘rtasida 2021 yil 4 yanvarda 11/2-sonli “Gʻallachilik klasteri bilan fermer xo‘jaligi o‘rtasida boshoqli don xarid qilish bo‘yicha fьyuchers shartnoma”si tuzilgan. Ushbu shartnomaning 1.1-bandiga ko‘ra, mazkur shartnoma bilan da’vogar “Xo‘jalik” javobgar “Tayyorlovchi”ga 2021 yil hosilidan 50 gektar yer maydonidan davlat standarti bo‘yicha shartnomaning 1.2 va 1.3-bandlarida ko‘rsatilgan bug‘doy mahsuloti (keyingi o‘rinlarda “Mahsulot” deb yuritiladi)ni topshirish majburiyatini, javobgar “Tayyorlovchi” esa da’vogar “Xo‘jalik”ni ushbu shartnomada belgilangan tartibda boshoqli don urug‘ligi bilan ta’minlash, yetishtirilgan mahsulotni qabul qilib olish va uning haqini to‘lash majburiyatini olgan.
Biroq, javobgar shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan, ya’ni da’vogar tomonidan yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovni amalga oshirishi lozim bo‘lsada, to‘lovlarni to‘liq amalga oshirmaganligi oqibatida javobgarning da’vogar oldida 27 711 367 so‘m miqdoridagi qarzdorlik yuzaga kelgan. Natijada da’vogar manfaatida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Zarbdor tumani kengashi (bundan buyon matnda “Kengash” deb yuritiladi) sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 27 711 367 so‘m asosiy qarz va 4 156 695 so‘m miqdorida jarima undirishni so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 449-moddasi birinchi qismi talabiga ko‘ra, sotib oluvchi yetkazib beriladigan tovarlar haqini shartnomada nazarda tutilgan hisob-kitoblar tartibi va shakliga amal qilgan holda to‘lashi kerakligi, agar taraflar kelishuvida hisob-kitoblar tartibi va shakli belgilanmagan bo‘lsa, hisob-kitoblar to‘lov topshiriqnomalari bilan amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlar haqi oluvchi (to‘lovchi) tomonidan to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lsa va u haq to‘lashdan asossiz bosh tortsa yoki tovarlar haqini shartnomada belgilangan muddatda to‘lamagan bo‘lsa, yetkazib beruvchi sotib oluvchidan yetkazib berilgan tovarlar haqini to‘lashni talab qilishga haqli. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasida “Agar to‘lanishi lozim bo‘lgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi ko‘rinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatini qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari e’tiborga olinishi kerak”ligi belgilangan. Bayon qilinganlarga asosan sud, ishdagi hujjatlarni o‘rganib, da’vo arizasini qisman qanoatlantirishni, javobgardan da’vogar foydasiga 27 711 367 so‘m asosiy qarz, 623 504,25 so‘m jarima va oldindan to‘langan 24 000 so‘m sud pochta xarajatlari undirishni, da’vo talabining qolgan qismini qanoatlantirishni rad etishni, shuningdek javobgardan Respublika byudjeti hamda Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 637 361,24 so‘m davlat boji undirishni lozim topdi hamda hal qiluv qarori chiqardi hamda fermer xo‘jaligi huquqlari tiklandi.
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Shomurod Begmatov