“KASALLIK TA'TILI”DAGI XODIM HAYFSAN OLISH MUMKINMI?
MKning 181-moddasiga asosan xodim tomonidan sodir etilgan nojo'ya xatti-harakat uchun unga hayfsan e'lon qilish, jarimaga tortish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin. Xodimga nisbatan bemorlik davrida hayfsan yoki jarima kabi intizomiy jazolarni qo'llashga qonunda to'g'ridan-to'g'ri cheklov mavjud emas. Shu bilan birga xodimni vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo'shatishga yo'l qo'yilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno. Mehnat intizomini buzganlik uchun mehnat shartnomasini bekor qilish - bu MKning 100-moddasi 3-4-bandlariga binoan (xodim tomonidan mehnat vazifalarini muntazam va bir marta qo'pol ravishda buzish) ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo'shatishdir. Shu tariqa, “kasallik ta'tili” vaqtida faqat hayfsan e'lon qilish yoki jarimaga tortish mumkin.
Bunda ish beruvchi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish tartibi to'g'risidagi qonunning barcha talablarini bajarishi shart.
Jumladan, intizomiy jazo qo'llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi, agar xodim uni berishdan bosh tortsa, bu haqda dalolatnoma tuzilishi lozim. Tegishincha, savol tug'iladi - agar xodim ishda bo'lmasa (“kasallik ta'tili”da) ish beruvchi “tushuntirish xati”ni qanday tarzda olishi lozim?
Albatta, xodimga u tomondan sodir etilgan intizomiy nojo'ya xatti-harakat bo'yicha yozma tushuntirish taqdim etish taklifi bilan xat (shu jumladan elektron shaklda) yo'llash mumkin. Yoki - “tushuntirish xati” olish yoki tushuntirish berishdan bosh tortganlik to'g'risida dalolatnoma tuzish uchun ish beruvchining vakilini unga yuborish mumkin. Biroq xodim kasalxonada bo'lishi yoki bemorlik tufayli yozma tushuntirish berishga jismonan qodir bo'lmasligi mumkin. Shu bois uning ishga chiqishini kutgan ma'qul. Buning ustiga, jazo nojo'ya xatti-harakat aniqlangandan boshlab qo'llaniladigan bir oy muddatga vaqtincha qobiliyatsizlik davri kirmaydi.
Agarda xodim “tushuntirish xati”ni taqdim etgandan keyin “kasallik ta'tili”ni rasmiylashtirgan bo'lsa yoki sizda bosh tortganlik to'g'risida dalolatnoma mavjud bo'lsa, hayfsan yoki jarima tarzida intizomiy jazoga tortish to'g'risida buyruqni rasmiylashtirishga hech narsa to'sqinlik qilmaydi. Biroq bu yerda xodimni buyruq bilan tanishtirish yuzasidan muammo yuzaga keladi, sababi qonun ish beruvchiga uni xodimga tilxat olib e'lon qilish majburiyatini yuklaydi. Xodimga intizomiy jazo qo'llash tartib-taomili uni buyruq bilan tanishtirilganda yoki tanishishdan bosh tortish to'g'risida dalolatnoma tuzilganda tugal hisoblanadi. Shu bois, agar intizomiy jazoga tortish to'g'risidagi buyruq xodimning vaqtincha qobiliyatsizlik davrida chiqarilgan bo'lsa, uni buyruq bilan u ishga chiqqandan keyin tanishtiring.
Va unutmang: nojo'ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab 6 oy o'tganidan, moliya-xo'jalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa - sodir etilgan kundan boshlab 2 yil o'tganidan keyin jazoni qo'llab bo'lmaydi. Jinoiy ish bo'yicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi Yuridik markazi bosh yuriskonsulti A.Abduvaitov