Odam savdosi - davr muammosi
Hozirgi vaqtda odam savdosi o‘ta murakkab va ijtimoiy xavfli hodisa tusini olgan bo‘lib, u tomonidan etkazilayotgan zararni amalda hisobga olish imkoniyati yo‘qdir. Bu esa turli xil jinoyatlarni sodir etilishiga to‘rtki bo‘lib, jamiyatni moddiy texnik, intellektual salohiyatini pasaytiradi, uning genofondini buzadi. Odam savdosi - bugungi kunda eng katta muammolardan biri. Uning bozori giyohvandlik vostalari va qurol-yarog‘ savdosidan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi. Mazkur turdagi jinoyat natijasida dunyo bo‘yicha amalga oshiriladigan yillik aylanma 50 mlrd. AQSH dollardan ortiqni tashkil qiladi.
2003 yilda O‘zbekiston BMTning 1949 yil 2 dekabrdagi “Odamlar savdosi va fohishabozlikni uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shildi, 2008 yilda esa odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish va bu qilmish uchun jazolash to‘g‘risidagi, BMTning transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasini to‘ldiruvchi Protokolni ratifikatsiya qilgan va shu bilan odamlar savdosi haqida aholiga ma’lumot berish, qurbonlarni himoya qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturlarni qo‘llab quvvatlash va o‘tkazish orqali oldini olish va barham berish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.
Uyushgan jinoyatchilik, xususan xalqaro terrorizm, narkobiznes, qurol-aslahalarni noqonuniy sotish bilan bog‘liq o‘ta og‘ir jinoyatlar qatorida odam savdosining har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurash muammosi nafaqat xalqaro huquq, milliy huquq tizimi uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu muammo umumjahon miqyosda e’tirof etilib, ko‘pgina olimlar va tadqiqotchilar tomonidan chuqur o‘rganilayotganligiga qaramasdan, bu borada hozirga qadar etarlicha umumlashgan ma’lumotlar taqdim etilmagan. 2000 yildagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining “BMTning transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasiga odam savdosi va ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish va taqiqlash hamda bunday xatti-harakatlarga nisbatan jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qo‘shimcha Bayonnoma”da “odamlar savdosi” tushunchasi o‘zining rasmiy izohiga ega bo‘ldi.
Bayonnomaga binoan, “odamlar savdosi” eksplutatsiya qilish maqsadida odamlarni kuch ishlatish yoki kuch ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitib yoxud boshqacha majburlash choralarini qo‘llab yoxud o‘g‘irlab yoki firibgarlik yo‘li bilan yoxud aldash yoki davlat vakolatlarini, tutgan mavqeini suiiste’mol qilgan holda yoki bir shaxsning nazoratidagi boshqa bir shaxsni sotib olish yo‘li bilan ularni yollash, o‘tkazish, tashish, saqlash yoki ularni olish hisoblandi.
Odam savdosi jinoiy faoliyatning o‘ta xavfli va tahqirlovchi turidir. Tahqirlanish shunda namoyon bo‘ladiki, mazkur jinoyat qullikka o‘xshash shakllarda sodir qilinadi. Bundan tashqari, insonni ekspluatatsiya qilish, insonni “tovar” sifatida sotish, inson omilllaridan foydalanish yo‘li bilan daromad orttirish bilan bog‘liqligi sababli tahqirlovchi mazmun-mohiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng, hayotimizning barcha sohalarida huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. YUrtimizda amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar natijasida, bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Avvalo, bu davrda odam savdosi jinoyatlariga barham berishning huquqiy normativ bazasi shakllantirilgani e’tiborga loyiqdir. 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan Jinoyat Kodeksida ilk bor odam savdosiga qarshi kurashish maqsadida bunday harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. SHu bilan birga, odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bunday salbiy holatlarga qarshi kurashish borasida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.
2008 yilning 17 aprelida «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi bu jinoyatning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yaratish bilan birga, odam savdosidan jabrlanganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishning choralarini o‘z ichiga oldi. Bu kurashning mantiqiy davomi sifatida qabul qilingan Prezidentimizning «Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Respublika Idoralararo komissiyasi tuzildi, Milliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuror mazkur nufuzli komissiyaning raisi etib belgilandi.
Qonunda bevosita odam savdosi jinoyati tushunchasi, odam savdosiga qarshi kurashishni tashkil etish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari faoliyati, ayniqsa odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish masalalari alohida e’tiborga olingan. Qonunda mazkur jinoyatdan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni normal turmush tarziga qaytarish, mazkur shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish, ularni psixologik, tibbiy, kasbiy reabilitatsiya qilish, ishga joylashtirish, vaqtinchalik turar joy berish masalalari alohida nazarda tutilgan. Qonunning 14-moddasi odam savdosiga qarshi kurashish sohasida halqaro hamkorlikning huquqiy asosini yaratadi.
SHuni e’tiborga olish lozimki, o‘rganib chiqilgan jinoiy ishlar tahliliga ko‘ra, aksariyat holatlarda jabrlanuvchilar ushbu jinoyatga aldov yo‘li bilan jalb qilinganlar. YA’ni odam savdosini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan aldov usuli keng qo‘llanilgan. Hozirgi JKning 135-moddasida jinoyatning ob’ektiv belgisi sifatida aldov usuli bilan sodir etganlikdagi holati e’tiborga olinmagan. Lekin mazkur Qonunning 3-moddasida jinoyatni aldov va firibgarlik yo‘llari bilan sodir qilinishi qayd qilingan.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida odam savdosiga qarshi kurash borasida odam savdosi jinoyatiga qarshi kurashishning huquqiy asosini takomillashtirish; odam savdosiga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati; unga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik; profilaktik xarakterdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Odam savdosiga qarshi kurashish qonuniylik, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi, odam savdosidan jabrlanganlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy hamkorlik, ijtimoiy himoyalash kabi prinsiplarga asoslanadi.
Respublikamiz Prezidenti tomonidan 2008 yilning 8 iyulida qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori bilan esa yuqoridagi qonun normalari amalga yanada samarali tadbiq etilmoqda. Jumladan, amaldagi JKning 135-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahririda odam savdosiga beriladigan jazo shakllari aniq belgilab qo‘yilgan.
Eng achinarlisi, bu toifadagi jinoyatlarning 50 foizga yaqinini ayollar tomonidan sodir etilayotgani mudhish ko‘rsatgichdir. Misol uchun, fuqaro bir necha yosh qizlarni aldab, ularga daromadli ishni va’da qilib, Birlashgan Arab Amirligining SHarja shahriga olib borib, ularni bir necha AQSH dollariga sotib, pullagan. Bu kabi holatlarga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishda aholining bu boradagi bilimlarini oshirish, ommaviy axborot vositalari orqali uning qurbonlari bilan suhbatlar uyushtirish, odam savdosining butun mudhish holatlarini tasvirlab berish ham samarali vositalardir. Butun aholi, ayniqsa, yoshlar ushbu jinoiy qilmishning qurboniga aylanib qolmasliklari uchun ehtiyot bo‘lishlari, xorijiy mamlakatlardan taklif etilayotgan har qanday ish, xizmatlarni shaxsan o‘zlari tekshirib ko‘rishlari, notanish shaxslarning takliflariga ishonmaslik hamda ularga o‘z hujjatlarini berib qo‘ymaslik lozimligini bilishlari kerak.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerakki, odam savdosi jinoyati aksariyat hollarda aldov usuli bilan amalga oshirilayapti. Odam savdosi jinoyati ning oldini olish maqsadida mehnat jamoalarida, mahallalarda profilaktika maqsadida yig‘ilishlar o‘tkazish, sodir etilgan jinoyatlarning sabablarini va ularning oqibatlarini fuqarolarga etkazib turilishini ta’minlash lozim.
Jinoyat ishlari bo'yicha Zarbdor tuman
sudining raisi Sh.X.Mirzaaxmedov