“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlari tushunchasi, salbiy oqibatlari”
Respublikamizda keng tarmoqli transport tizimi barpo etilgan bo‘lib, u mamlakat ichkarisida va tashqarisida yuk hamda yo‘lovchilar tashishni, yaqin va olis xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni ta’minlaydi. Shu bilan birga transport vositalarining kupayishi ularni boshqarish vaqtida xavfsizlik choralariga rioya qilishga yanada mas’uliyat bilan yondashishni talab qilmoqda. Zotan, transport vositalari bilan bogliq holda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar tahlili haydovchilar tomonidan hamma vaqt ham xavfsizlik choralariga rioya qilinmayotganidan dalolat bermoqda. Bu esa jamiyatimizga, aniqrogi, fuqarolarimiz hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi aniq.
Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishi, ularning sonini yildan-yilga oshishiga olib kelgan sabablar sifatida quyidagi omillarni kiritish mumkin, ya’ni transport vositalarining ko‘payishi, mast holatda transport vositalarini boshqarish, tezlikni oshirish va boshqa yul-harakat xavfsizligi qoidlariga rioya qilmaslik va boshqa holatlar.
O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 266-moddasi bo‘yicha qo‘zgatilgan jinoyat ishlarining taxlili shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar asosan mast, jismonan charchagan holatda (ko‘proq taksi haydovchilari) yoki tezlikni oshirish natijasida jinoyat sodir bo‘lishiga imkoniyat yaratilgan. Ayniqsa, haydovchilarning transport vositalarini harakat tezligini me’yoridan oshirishi natijasida ko‘proq yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatining yarmidan ko‘pi ayblanuvchilarning ruhiy holati me’yorda bo‘lmagan vaqtda sodir etilgan. Ushbu jinoyat sodir etilishiga quyidagilar sabab bo‘layotganini ta’kidlash mumkin, jumladan, haydovchilik malakasi (amaliyoti) ning kamligi, yoshlarga xos bo‘lgan shoshqaloqlik, o‘zini ko‘rsatish, o‘ziga juda ishonish, haydovchilikka o‘qitish jarayonida yuzaki bilim berish va murabbiy nazorati ostidagi avtomobilni boshqarish amaliyotini juda kam o‘tash bu tezkor vaziyat vujudga kelganda haydovchining o‘zini yo‘qotib qo‘yishiga olib keladi, ruhiy toliqish, ayniqsa, taksi haydovchilarining dam olmasdan (toliqqan holda, sakkiz soatdan ko‘p vaqt mobaynida) avtomobil boshqarishi, mast holatda, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasdan transport vositalarini boshqarish, texnik jihatdan nosoz bo‘lgan transport vositalarini boshqarish va boshqalar.
Bugungi kunda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatini batamom tugatish, ularning sodir etilishiga olib keluvchi omillarni to‘liq bartaraf etish imkoniyati yo‘qligi hammaga ayon. Hatto eng rivojlangan davlatlarda ham transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar butkul tugatilmagan. Ammo bu turdagi jinoyatlarning sonini kamaytirish, oldini olish imkoniyatlari mavjud.
Transport vositalari harakati bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish uchun, birinchi navbatda, haydovchilarning ruhiy holatiga e’tibor berish lozim. O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 10-apreldagi, 348-sonli “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘grisida” gi Qonunining 23-moddasida, yo‘l harakati xavfsizligini tibbiy jihatdan ta’minlash haydovchilarni majburiy ravishda dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan, shu jumladan, reys oldidan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish amalga oshirilishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, amalda majburiy dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish masalalariga yuzaki qaralib kelinmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘grisidagi kodeksda ham bunday qoidani buzganlarga qo‘shimcha ma’muriy jazo sifatida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirish ko‘zda tutilmagan.
Ayrim hollarda bitta haydovchi tomonidan bir-necha qoidabuzarlik sodir etiladi. Ushbu qoidabuzarliklar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va tegishli ma’muriy jazo choralari qo‘llaniladi. Ammo masalani ikkinchi tomoni, ya’ni haydovchi nima sababdan ko‘p qoidabuzarliklar sodir etganligi aniqlanmaydi, uning ruhiy holatida o‘zgarish bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi tekshirilmaydi. Holbuki, fuqaro haydovchilik guvohnomasini olish chog‘ida sog‘lom bo‘lishi mumkin, vaqt o‘tib esa uning ruhiyatida o‘zgarish bo‘lganligini atrofdagilar bilmasligi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘grisidagi kodeks 128-moddasining uchinchi qismida, bir yil mobaynida shu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuquqbuzarliklardan uchtasini sodir etish uchun, to‘rtinchi qismida esa bir yil mobaynida hukuqbuzarliklardan to‘rttasini va undan ko‘prog‘ini sodir etish uchun ma’muriy jazo choralari ko‘rsatilgan, ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning boshqa transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish uchun javobgarlik o‘rnatuvchi moddalarida faqat takroran sodir etish uchun javobgarlik belgilangan.
Jamoatchilik foydalanadigan yo‘lda (jamoat joyida) transport vositalari bilan bog‘liq ko‘p marta qoidabuzarlik sodir etgan shaxslarni ruhiy jihatdan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish vaqti kelgan ko‘rinadi.
Chunki qoidabuzar na faqat o‘zining, balki atrofdagilarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 128-moddasining to‘rtinchi qismi sanksiyasida ko‘rsatilgan jazo turlariga qo‘shimcha tarzda haydovchini ruhshunos shifokor ko‘rigidan majburiy o‘tkazishni belgilashning ham maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida, qonun ijodkorligi tashabbuskorligi nuqtai nazaridan Oliy Majlis qonunchilik palatasiga sudlar tomonidan, shu masalada tegishli takliflar kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Yo‘l-transport hodisasi sodir etilishida, jumladan, harakatlanish tezligini oshirganligi natijasida, haydovchilarning aybdorligi yoki aybsizligi masalasini hal etishda “Yo‘l harakati qoidalari” ning XI bandi talablaridan kelib chiqish lozim bo‘lib, unga ko‘ra, haydovchi transport vositasini belgilangan cheklangan tezlikdan oshirmasdan harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, xususan, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda boshqarishi kerak.
Shu talabdan kelib chiqib, harakatlanish uchun xavf paydo bo‘lganda, agar haydovchida buni payqashi imkoniyati bo‘lsa, u transport vositasini to‘xtatish darajasigacha tezlikni kamaytirish choralarini ko‘rishi lozim.
JK ning 266-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik, faqat, haydovchida yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyat mavjud bo‘lganda va uning huquqqa xilof xatti-harakatlari bilan kelib chiqqan oqibatlar o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjudligi aniqlangan taqdirda kelib chiqadi.
Haydovchilarda yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyat bor-yo‘qligi masalasini hal etishda, harakatlanish uchun xavf paydo bo‘lgan payt, har bir muayyan holatda, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgunga qadar yo‘lda mavjud bo‘lgan vaziyatni inobatga olgan holda aniqlanishidan kelib chiqish lozim. Harakatlanish uchun xavf paydo bo‘lgan vaqt, haydovchi uni payqay olishi uchun ob’ektiv imkoniyatga ega bo‘lgan paytdan boshlab hisoblanadi.
Agar haydovchi yo‘l-transport hodisasini sodir etishda aybdor bo‘lmasa, biroq, jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘i uning ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida xavf ostida qoldirilgan bo‘lsa, haydovchi tomonidan jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatishga doir “Yo‘l harakati qoidalari” ning 13-bandida belgilangan majburiyatlarni bajarilmaganligi JK 117-moddasining tegishli qismi bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hayoti yoki sog‘ligi xavf ostida qolgan shaxsga bila turib yordam ko‘rsatmaslik deganda, transport vositasi haydovchisi jabrlanuvchi yoshligi, keksaligi, kasalligi yoki ojiz ahvolda bo‘lganligi sababli mustaqil ravishda tibbiy yordam so‘rash imkoniyatiga ega emasligini, uning hayoti yoki sog‘ligi uchun xavf mavjudligini anglagan, biroq unga zarur yordam ko‘rsatmagan (masalan, haydovchi hodisa joyidan yashiringan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmagan, tez tibbiy yordam chaqirmagan, jabrlanuvchini yaqin oradagi davolash muassasasiga olib bormagan va shu kabi) hollar tushunilishi lozim.
Hayoti yoki sog‘ligi xavf ostida qolgan jabrlanuvchiga bila turib yordam ko‘rsatmaslik motivlari, shuningdek, haydovchining boshqa shaxslar tomonidan yordam ko‘rsatilishi mumkinligi haqidagi vajlari aybdorning harakatlarini kvalifikatsiya qilishga ta’sir etmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudining raisi
Sh.X.Mirzaaxmedov