Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo'yicha berilgan subsidiya olish tartibi qanday ?
“2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident farmoni (PF–51-son, 13.04.2023 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashning amaldagi tartibiga 2023 yil 1 maydan quyidagi o'zgartirishlar kiritiladi:
banklarga rasmiy daromadga ega bo'lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to'lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimi joriy qilinadi;
banklarga qarz oluvchi tomonidan to'langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko'rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo'yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o'rnatish huquqi beriladi;
professional ta'lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar bo'yicha dars berayotgan yoki o'quv amaliyotini o'tkazayotgan o'qituvchilari va ishlab chiqarish ta'lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi;
uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo'yicha berilgan subsidiya taqdim etish to'g'risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
2023 yil uchun ipoteka kreditlari bo'yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023 yil 1 maydan 2023 yil 1 dekabrgacha qabul qilinadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “Xalqparvar” komissiyalarining axborotiga asosan xato ajratilgan deb topilgan subsidiya xabarnomalarini dasturiy ta'minotdan to'g'ridan-to'g'ri bekor qilish va to'lovlarni to'xtatish huquqi beriladi.
Farmonga ko'ra, 2023 yilda:
kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruktsiya qilish uchun respublika bo'yicha jami 44 690 ta ipoteka kreditlari ajratiladi.
Mazkur kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarga ajratilishi belgilangan.
Farmonga ko'ra, 2023 yil 1 maydan:
qurilayotgan ko'p kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) banklar tomonidan kredit ta'minoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etiladi;
2025 yil 1 yanvargacha ayrim qurilish materiallari va xomashyo turlarini (jadvalda keltirilgan) import qilishda bojxona bojining nolь stavkasi qo'llaniladi.
2024 yil 31 dekabrgacha Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda – 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari bo'yicha 24 oydan ortiq bo'lmagan muddatga kafillik va kompensatsiya taqdim etiladi.
Bunda:
kompensatsiya – kredit summasidan qat'i nazar har bir ko'p kvartirali uy-joy uchun kreditning 5 milliard so'mdan ortiq bo'lmagan qismi bo'yicha to'lanadi;
kafillik – kredit summasidan qat'i nazar har bir ko'p kvartirali uy-joy uchun 2,5 milliard so'mdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi;
kafillik va kompensatsiyalar berish uchun maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan kvartiralar soni qurilayotgan uy-joydagi jami kvartiralar sonining kamida 70 foizini tashkil etishi lozim.
Farmonga ko'ra, 2023 yilda “Yangi O'zbekiston” massivlarida (38 ta) jami 837 ta (shundan 305 tasi yangi) ko'p kvartirali uy-joylar quriladi.
2023 yilda fuqarolarning alohida toifalari (harbiy xizmatchilar) uchun 4 000 ta kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi.
Farmonga ko'ra, “Mening birinchi uyim” dasturi tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshiriladi.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi Yuridik markazi bosh yuriskonsulti A.Abduvaitov