OLIY TA’LIM SOHASIDA MA’MURIY ISLOHOTLAR AMALGA OSHIRILADI
Prezidentning 03.07.2023-yildagi “Ma'muriy islohotlar doirasida oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-200-son qarori qabul qilindi.
O'zbekistonda oliy ta'lim dasturlari yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari dasturlari asosida qayta ko'rib chiqiladi.
Shuningdek, ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o'tkazish tartibi bekor qilinib, kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o'tkazish tizimi joriy etiladi. Bunda:
- kompleks davlat akkreditatsiyasi har 4 yilda ta'lim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida o'tkaziladi;
- litsenziyasi bekor qilingan ta'lim tashkiloti yoki yopilgan ta'lim dasturida tahsil olayotgan talabalarga o'qishini davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlarining mos va turdosh ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda ko'chirish huquqi beriladi.
Ta'lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish amaliyoti joriy etiladi. Jumladan:
- xalqaro reyting tashkilotlarining amaldagi ro'yxatida birinchi 1 000 talikka kirgan oliy ta'lim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasidan ozod qilinadi;
- reyting ta'lim tashkilotining faoliyati va ta'lim jarayoniga aralashmagan holda ma'lumotlarni axborot tizimi orqali olish yo'li bilan yuritiladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab:
- reyting davlat va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari bo'yicha umumiy aniqlanadi;
- so'nggi besh yil davomida reytingda birinchi 10 talik o'rinni egallagan oliy ta'lim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasidan ozod qilinadi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab:
- nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash bo'yicha kvota ularning reytingdagi o'rniga muvofiq ajratiladi;
- oliy ta'lim tashkilotlarining ta'lim sohalari kesimidagi reytingini yuritish yo'lga qo'yiladi.
2023/2024 o'quv yilidan boshlab:
- akademik litseylarga o'quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon asosida dastlabki saralash bosqichi bekor qilinadi;
- kollej va texnikumlarning ta'lim dasturlariga davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari 2 baravarga oshiriladi;
- startap loyihasini hamda ratsionalizatorlik g'oyasini bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilish amaliyoti joriy etiladi;
- oliy ta'lim muassasalari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to'lanadigan qisqa muddatli maqsadli ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etiladi.
2024/2025 o'quv yilidan boshlab:
- oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish “avval test, so'ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi. Abituriyentlarga test sinovi natijasida to'plagan balidan kelib chiqib, oliy ta'lim muassasasi, ta'lim yo'nalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi;
- umumta'lim fanlari bo'yicha xalqaro imtihon natijalari bo'yicha sertifikatlar davlat oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishda inobatga olinadi.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi Yuridik markazi bosh yuriskonsulti A.Abduvaitov