SUDYALARNING OCHIQ MULOQOTI
Joriy yilning 30-yanvar kuni Zarbdor tumani “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida aholini huquqiy madaniyatini oshirish, amaldagi va yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarni jamoatchilikka tushuntirish hamda aholining mavjud huquqiy muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish yuzasidan sayyor uchrashuv shaklida ochiq muloqot o‘tkazildi. Ochiq muloqotda Jizzax viloyat sudi sudyasi I.Umarov hamda Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatovlar ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-sonli Farmoni mazmun va mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib bordilar. Jumladan Jizzax viloyat sudi sudyasi I.Umarov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti hisoblangan samarali faoliyat yurituvchi boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ma'muriy islohotlar amalga oshirilganini, davlat organlarining sohaga oid bo‘lmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi o‘rtacha 15 foizga maqbullashtirilganini aytib o’tdi. Shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartirilganini, davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish hisobidan byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinganini, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirilganini, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilinganini ta'kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-sonli Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan tushunchalar berib o‘tdi. Jumladan, Farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta'minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limi tugatilgani, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida:
Bosh vazirning 4 nafargacha o‘rinbosarlari lavozimi;
Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta'minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinishi aytib o‘tdi.
Ushbu Farmonga ko‘ra endi Vazirlar Mahkamasi tizimini quyidagi vazirliklar:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi;
Tabiat resurslari vazirligi;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
Suv xo‘jaligi vazirligi;
Raqamli texnologiyalar vazirligi;
Adliya vazirligi;
Transport vazirligi;
Madaniyat va turizm vazirligi;
Mudofaa vazirligi;
Energetika vazirligi;
Sog‘liqni saqlash vazirligi;
Tashqi ishlar vazirligi;
Ichki ishlar vazirligi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etishi aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng, sud sudyalar yig‘ilganlarning savollariga batafsil javob berib, muammolarni hal qilish uchun barchamiz mas'ulligimizni, faqatgina davlat organlari tomonidan masalani hal qilishga qaratilgan harakatlar amalga oshirilishi emas, balki mahalla fuqarolari tomonidan tashabbus bilan chiqilishi lozimligi, davlat rahbari tomonidan olib borilayotga islohotlarni amalga oshirishda barchamiz mas'ul ekanligimiz to‘g‘risida yig‘ilish ishtirokchilariga tushuntirishlar berdi.
Jizzax viloyat sudi sudyasi I.Umarov
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov