Yoshlarning bandligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi
Har bir yosh jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zero, yoshlar tom ma’noda, mamlakatning bebaho boyligi, jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchidir.
Avvalo, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni doimiy ish joyiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish, natijada oilalarga barqaror daromad manbai yaratishdir. Lekin olib borilayotgan islohotlarga qaramay, joylarda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida jiddiy muammolar borligi, ular bilan ishlashda hamon kamchiliklar kuzatilayotgani kishini o‘ylantiradi. Sababi yoshlar o‘rtasidagi muammolarning ildizi aksar hollarda ishsizlikka borib taqaladi.
Zarbdor tumanidagi 32 ta umumta’lim maktablarini 2022-2023 o‘quv yilida 860 nafar o‘quvchi-yoshlar maktabni tamomlagan bo‘lib, shundan 550 nafari yurtimizdagi va xorijdagi oliy ta’limga o‘qishga kirib, 144 nafari turli sohalarda bandligi ta’minlandi.
Bugun Zarbdor tuman hokimligi binosida 2022-2023 o‘quv yilida maktabni tamomlab bandligi ta’minlanmagan yoshlar bilan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, tuman Kambag‘alikkni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda tegishli tashkilot rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda yoshlarning fikr-mulohazalari tahlil qilinib, o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Ushbu yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida Kambag‘alikkni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan monomarkazlardagi o‘quv kurslariga 52 nafari, kasb-hunar maktabi tomonidan haydovchilik va chilangarlik, tikuvchilik kurslariga 27 nafari o‘qish istagini bildirgan bo‘lsa, 25 nafari dehqonchilik qilish istagidagi yoshlarga tuman hokimligi tomonidan dehqonchilik qilish uchun zahiradagi yer maydonlari taklif etildi. Bundan tashqari ustoz-shogirt an’anasi doirasida hunar egallayotgan yoshlarga sohalari bo‘yicha subsidiya asosida asbob-uskunalar beriladigan bo‘ldi.
Uchrashuv davomida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida xonadonma-xonadon yurib, oilalarning ahvolini o‘rganish, o‘zini-o‘zi band qilish orqali ishsizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.