TIL-MILLATNING MAʼNAVIY BOYLIGI
Til – millatning maʼnaviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa oʻz navbatida oʻzaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham har bir xalq oʻz tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi. Shuning uchun ham mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq 1989- yil 21-oktyabrda Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan. Ushbu sana mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Shu bilan bir paytda tilimizning ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, yuksaltirish uchun ham beqiyos imkoniyat yaratildi. Har yili yurtimizda “21 -oktyabr -Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ona tilimizga doimo hurmat va eʼtiborda boʻlib, uning jamiyatimizdagi mavqeini yuksaltirishga har birimiz oʻz hissamizni qoʻshishimiz zarur.
Oʻrta asr madaniyatining buyuk arboblaridan, tilshunoslik sohasida, xususan turkiy tillarni oʻrganishda katta xissa qoʻshgan tilshunos olim Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida “Erdam boshi tildir”, yaʼni “Barcha fazilatlar, ezguliklar tildan boshlanadi” deyiladi. Bu asar noyob hisoblanib, odatiy lugʻatga xos soʻzlar bilan bir qatorda, koʻplab badiiy asarlar ham uchrab, folklorlikka oid qismlari asosiy timsolda gavdalanadi. Jumladan, “Turkiy shajaralar lugʻati” ikki qismdan iborat. Birinchi qismda Mahmud Qoshgʻariy kitobning maqsadini ochib bergan, turkiy tilga soʻzlashuvchi qabila va urugʻlar haqidagi maʼlumotlar, ikkinchi qismida turkiy til shajarasining lugʻati taqdim etilgan, hikmatli iboralar, ogʻzaki xalq ijodining namunalari keltirilgan.
Tilimizning nafisligi, boyligi va maʼno nozikliklari haqida hazrat Alisher Navoiy ijodida oʻzining yuksak ifodasini topdi. Ulugʻ mutafakkirning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida sheʼriyat va badiiyat oʻta nazokat bilan sharhlangan. Oʻzbek adabiy tili, oʻzbek adabiyotini rivojlantirish sohasida oʻz oldiga qoʻygan vazifalarni yuksak darajada ado etgan Alisher Navoiy oʻzining ajoyib nazm durdonalarini «Xazoyin-ul maoniy», «Xamsa» kabi asarlarini ona tilida yozish orqali oʻzbek tilining qudratini, uning boy tasviriy vosita va imkoniyatlarga ega ekanligini, toʻliq maʼnoda badiiy adabiyot tili ekanligini amaliy tarzda isbotlab berdi. Navoiy xalqi uchun uning madaniyati uchun va umuman kelgusi avlodlar uchun katta sharafli ishlarni amalga oshirdi:
Turk nazmida chu tortib men alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
yoki:
Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Falak koʻrmadi men kabi nodire,
Nizomiy kibn nazm aro qodire.
deb ajoyib faxriyalar yozdi.
Til har bir milla t madaniyatining oʻzagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak boʻladi. Donishmandlarning aytishicha: “Xorijiy tillarni bilish insonning madaniyatidan, ziyoliligidan darak beradi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch”, deganida ham haq fikrni aytishgan.
Ilm yozuv bilan boqiy. Bir donishmand aytadi: -Ilm bobida nimaniki eshitsang, yozib qoʻy, qogʻoz boʻlmasa devorga boʻlsa ham yoz. Chunki yodlangan narsa unutiladi, yozilgan narsa esa abadiy qoladi. Nafaqat yoshlarga ona tillarida toʻgʻri soʻzlamoqlik, balki matn yoki insho yozganlarida oʻzbek tilining imloviy qoidalariga toʻliq rioya qilishlari ham tushuntirildi. Ona tilimizning qadri shunchalar yuksakki uni ezozlash, undan toʻgʻri foydalanish uchun olib borilayotgan bu ishlarimiz dengizdan bir tomchi halos. Ammo shu tomchi ham yosh avlodga bir ummon kabi yetmogʻi lozim.
Ona tili millatning ruhi, or nomusi, maʼnaviy qiyofasi, orzu-umidlarining ifodasi, har bir millatning oʻz vatani, oilasi boʻlgani kabi uning jonajon va betakror jozibaga ega tili ham boʻladi va ona tilimizning paydo boʻlishi va uning tarixiy taraqqiyoti bosqichidir. Oʻtgan davr mobaynida dunyodagi qadimiy va boy tillardan boʻlgan ona tilimizga milliy merosimizning asoslaridan biri sifatida katta eʼtibor qaratilgan holda uning mavqeini oshirish, sofligini saqlash, bu boradagi qonunchiligimizning mano – mazmunini yosh avlod ongiga singdirish yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Biz esa oʻz navbatida tilimizning pokligi oʻziga хosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga har birimiz oʻz hissamizni qoʻshmogʻimiz darkor. Noyob xazinamiz – tilimizni asrash hammamizning burchimizdir.
Ona tili — millatning tarixiy, maʼnaviy-madaniy qiyofasini oʻzida ifodalovchi beqiyos boylikdir. Uning sofligini saqlash esa millat qiyofasini, ruhining pokizaligini taʼminlash bilan chambarchas bogʻliq. Shunday ekan, oʻzbek tili –milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli boʻlib qolsin.!
Zarbdor tuman Kengashi deputati,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi
Nilufar ALLAMURATOVA