Телефонлар:
(0372) 492-25-05
(0372) 492-24-95
» » ALISHЕR NAVOIY MЕROSI -MILLATIMIZ XAZINASI

ALISHЕR NAVOIY MЕROSI -MILLATIMIZ XAZINASI

12 февраль 2024 йил
155
0

Butun turk dunyosi Alisher Navoiyni «shams ul-millat» — millat quyoshi deb hamma davrlarda e’zoz bilan tilga oladi. Butun umrini turkiy til mavqeyini ko‘tarish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag‘ishlagan bobokalonimiz bu e’tirofga to‘la-to‘kis munosib va haqlidir. U haqidagi biografik ma’lumotlar, yozmishlarining deyarli barchasi to‘liq saqlanib qolgan. Xalq ichida bu zotning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq rivoyat va afsonalar ham talaygina. Chunki odamlar o‘zlariga va kelgusi avlodga yashash tarzi, qilmishlari ibrat, aytmish va yozmish so‘zlari haqiqat bo‘lgan zotlar to‘g‘risida ham hurmat, ham hikmat ma’nosida mana shunday og‘zaki ijod namunalarini to‘qib oladilar. 

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Xuroson o‘lkasining poytaxti Hirotda tug‘ildi. Zamondoshlari uni «Nizomiddin Mir Alisher» deb ulug‘laganlar. «Nizomiddin» — din nizomi deganidir. Ko‘pincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan «mir» — amir demakdir. Chunki u Husayn Boyqaro saroyidagi eng nufuzli amir bo‘lgan. Alisher bolalikdan ma’rifatli oila muhitida tarbiya topdi. Navoiyning otasi G‘iyosiddin Muhammad (uni «G‘iyosiddin kichkina» ham der edilar) temuriylarga yaqin amaldorlardan bo‘lib, o‘z davrining obro‘li va ma’rifatli kishilaridan sanalgan. Adabiyotshunos Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, u o‘g‘li Alisherning tarbiyasiga, kelajakda fazilatli odam bo‘lib yetishmog‘i uchun astoydil harakat qilgan. Onasi Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi bo‘lgan. Bo‘lajak shoirning tog‘alari Mir Said (Mirsayid) Kobuliy yaxshi shoir, Muhammad Ali G‘aribiy shoir, sozanda va xattot edilar. Alisher oilada uchinchi yoki to‘rtinchi farzand bo‘lib, maktabda bo‘lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o‘qidi. U yerda savod chiqardi, she’r o‘qish va yod olish, she’r bitishga bolalikdan havas uyg‘ondi. Kichik maktab yoshida fors shoiri Farididdin Attorning kattalar ham tushunishi qiyin bo‘lgan «Mantiq ut-tayr» dostonini fors tilida o‘qib ham o‘qib yod olgani uning yoshlik iste’dodining muhim qirralaridan edi.

1447-yilda podshoh Shohrux Mirzo vafot etib, poytaxt Hirot notinch bo‘lib qoladi. Alisherlar oilasi Iroqqa ko‘chib ketadi. Yo‘lda Taft shahrida Alisher mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi, tiyrak va aqlli bolakayning zukkoligidan mamnun bo‘lgan keksa olim uning haqqiga duolar qiladi. Xalq orasidagi «Ulug‘lar duosi qabul bo‘ladi» degan naql bejiz emas.

Alisherlar xonadoni 1451-yilda Hirotga qaytadi. Ko‘p o‘tmay, taxtga Abulqosim Bobur Mirzo o‘tiradi. Alisherning otasi G‘iyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa, o‘qishni davom ettiradi.

1453-yilda Alisherning otasi G‘iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. Avval Sabzavorda, so‘ng Mashhadda yillar ham yosh Alisher uchun o‘qish va bilim egallash yillari bo‘ldi.

She’rga mehr Alisherni ijodga undadi. U 7-8 yoshlaridan she’r yoza boshladi. O‘zbekcha she’rlariga «Navoiy», forscha she’rlariga «Foniy» taxallusini qo‘ydi.

O‘smirlik davrlarida Alisher o‘qishda va yozishda tinim bilmas, she’r mutoalasidan charchamas edi. «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida o‘zining yoshlik chog‘ida mashhur o‘zbek va fors shoirlari nazmidan 50 ming bayt (100 ming misra) she’rni yod bilganini so‘zlaydi. Bolalik vaqtlaridayoq o‘z davrining Amir Shohiy, Lutfiy, Kamol Turbatiy kabi shoirlari bilan yaqindan aloqada bo‘ldi. Otasi vafotidan so‘ng taniqli ilm va adabiyot, san’at arboblaridan Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabilar otalik qildilar. Sabzavorlik olim va shoir Darvesh Mansurdan aruz bo‘yicha ta’lim oldi.

 1483-yilda turkiy tilda birinchi bo‘lib «Xamsa» yozishga kirishdi va misli ko‘rilmagan qisqa muddat — ikki yilda besh yirik dostondan iborat asarni yozib tugatdi. Ilm va ijod ahli bu voqeani zo‘r shodliklar bilan qarshi oldi. Abdurahmon Jomiy Navoiy «Xamsa»siga yuksak baho berdi. Husayn Boyqaro buyuk shoirni o‘zining oq otiga mindirib, unga jilovdorlik qilib, Hirot ko‘chalarini aylantirdi. Bu insoniyat tarixida kamdan kam uchraydigan hodisa edi: qudratli davlatning shavkatli podshohi bir shoirga jilovdorlik qilsa. Mazkur hodisa ayni paytda Husayn Boyqaroning ma’nan yuksak, ma’rifatli va haqiqatpesha hukmdor bo‘lganligining dalilidir. Navoiy «Hayrat ul-abror» dostonida bejiz uni Shoh G‘oziy deya ulug‘lamagan edi.

1489-1493-yillar shoir uchun ayriliq, og‘ir judolik yillari bo‘ldi. Do‘stlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher, Abdurahmon Jomiy, Pahlavon Muhammad ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularning xotirasiga bag‘ishlab uchta memuar — esdaliklardan iborat nasriy asarlar yaratdi.

Navoiy fanning bir necha sohalarida qalam tebratib, zabar-dast olim ekanligini ham isbot etdi. O‘tmish mavzusida «Tarixi mulki Ajam» («Ajam, ya’ni arab bo‘lmagan mamlakatlar tarixi»), «Tarixi anbiyo va hukamo» («Payg‘ambarlar va donishmandlar tarixi») asarlarini yozgan. Turkiy adabiyotshunoslikda ham uning alohida o‘rni bor. Aruzga doir «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o‘lchovi»), tazkirachilikka oid «Majolis un-nafois» («Nafis majlislar») kabi asarlar yaratdi. Bular o‘zbek (turk) tilida shu sohalardagi birinchi asarlar edi. Buyuk shoir tilshunoslik bilan ham qiziqdi. Lug‘atshunoslikka oid «Sab’atu abhur» («Yetti dengiz») nomli kitob yozdi. Ayniqsa, «Muho-kamat ul-lug‘atayn» («Ikki til muhokamasi») asarida turk (o‘zbek) va (fors) tillarini solishtirib, o‘z ona tilining tuganmas imkoniyatlarini ilmiy asoslab berdi.

Navoiy 1490-yillarda adabiyotimiz tarixidagi yana bir katta hodisa — «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinasi») majmuasini tuzdi. To‘rt devondan iborat bo‘lgan bu ulkan she’riy to‘plam shoirning turkiy tilda yozgan deyarli barcha lirik she’rlarini qamrab olgan edi. Shuningdek yozgan she’rlarini to‘plab «Devoni Foniy»ni tuzdi.

Buyuk adib umrining oxiriga qadar ilm-u ijod bilan qizg‘in va samarali shug‘ullandi. Sharqda o‘tgan mashhur shayxlar, so‘fiylar hayoti haqida ma’lumot beruvchi «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabadalari») asarini yozib tugatdi. So‘ng umr bo‘yi xayolini band etgan «Lison ut-tayr»ni qog‘ozga tushirdi. Boshqalar bilan olib borgan yozishmalari — xatlarini to‘plab «Munshaot» («Xatlar») tuzdi. 1500-yilda buyuk mutafakkirning yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini o‘zida ifodalagan «Mahbub ul-qulub» («Ko‘ngillarning sevgani») asari maydonga keldi. Bu buyuk adibning so‘nggi asari edi.

Ko‘rib turganimizdek, Navoiy merosi mavzu va janrlari bo‘yicha turlidir.Uning asarlari XV asrdan hozirgi kungacha o‘zbek adabiyoti rivoji uchun xizmat qilib kelmoqda.

Navoiyning vatan va vatanparvarlik haqidagi she’rlari faqat o‘sha davr kishisining kechinmalari sifatidagina emas, balki bugungi avlod, xususan, yoshlar uchun ham ibrat va namuna maktabi bo‘lishi tabiiydir.

Navoiy ruboiylari tuyg‘ular va fikrlarning yetukligi, tabiiyligi, favqulodda go‘zal va ta’sirchanligi, so‘z ma’nolarining kamalakdek tovlanishi bilan ajralib turadi.

Ko‘z bilan qoshing yaxshi, qabog‘ing yaxshi,

Yuz bila so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi,

Eng bila menging yaxshi, saqog‘ing yaxshi.

Bir-bir ne deyin, boshdin ayog‘ing yaxshi. 

Milliy siymolar, ulug‘ va boy madaniy-ma’naviy merosimiz, bebaho qadriyatlar, ajoyib milliy an’analar va urf-odatlar hayotimizga qaytdi. Navoiy hazratlarining porloq siymosi ham ma’naviyatimiz ko‘kida qayta charaqladi.

Gap shundaki, biz uchun buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish va g‘ururimizning o‘zi yetarli emas. Navoiydek bobokalonlarimizning shaxsiy ibratlari va o‘lmas ma’naviy-falsafiy ta’limotlari bizning doimiy hamrohimizga aylanmog‘i kerak. Binobarin, xalqimiz tarixida shunday ulug‘ alloma bor ekan, bundan hamisha g‘ururlanamiz.

 

Nilufar ALLAMURATOVA

Zarbdor tuman Kengashi deputati ,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

Navoiy yodi
10 февраль 2024, Суббота
Navoiy yodi
TIL-MILLATNING  MAʼNAVIY  BOYLIGI
21 октябрь 2023, Суббота
TIL-MILLATNING MAʼNAVIY BOYLIGI
"Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!"
14 октябрь 2022, Пятница
"Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!"
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар