Qonun Ustivorligini Taʼminlash va sud huquq tizimidagi isloxatlar
Qonun Ustivorligini Taʼminlash va sud huquq tizimidagi isloxatlari boʼlayotgan bir qaqtda shuni taʼkidlash kerakki sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini taʼminlash boʼyicha muhim chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirildi.
Jumladan Mamlakatimizni demokratik yangilashning hozirgi bosqichdagi muhim yoʼnalishlaridan biri - qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirishdan iborat. Zero, sud - odil sudlovning oliy nuqtasi va uning rolini oshirish huquqiy davlat barpo etish yoʼlidagi qonuniy jarayon, aynan shunday yondashuv tufayli bu sohadagi ishlar koʼlami, miqiyosi va samaradorligi keyingi davrda nihoyatda kengayib, yangi bosqichga koʼtarilmoqda 2001 yildan boshlab huquqni qoʼllash va sud amaliyotiga yarashuv instituti kiritilgan sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri boʼldi. Oʼlim jazosi bekor qilinib, uning oʼrniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo turi joriy etilgani mamlakatimizda sud-huquq tizimini erkinlashtirish va yanada insonparvarlashtirish yoʼlidagi yana bir muhim qadamlardan biri boʼldi.
Dastlabki tergov bosqichida sud nazoratini kuchaytirish, mazkur sohada sud faoliyatini liberallashtirish boʼyicha ham keng koʼlamli chora-tadbirlar koʼrildi. Bu borada «Xabeas korpus» institutining joriy etilishi, yaʼni 2008 yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqining sudlarga oʼtkazilishi, lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini faqat sudьyaning sanktsiyasi asosida qoʼllash amaliyoti joriy qilinganligi printsipial qadam boʼldi. Bu fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʼyilgan huquq va erkinliklari daxlsiz ekani, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʼyishga hech kim haqli emasligi haqidagi konstitutsiyaviy norma amalda roʼyobga chiqishining yaqqol ifodasidir.
Bundan tashqari, jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan ehtiyot choralarining doirasi kengaytirildi. Yaʼni, uy qamogʼi tarzidagi ehtiyot chorasi joriy etilib, shaxsga nisbatan uy qamogʼi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʼllash va uning muddatini uzaytirish sudlar vakolatiga berildi, Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining jazo tizimiga alohida turdagi jazo sifatida ozodlikni cheklash jazosi kiritildi.
Eʼtirof etish kerak, davlatimiz rahbarining sudlar tomonidan hukm qilingan mahkumlarni afv etish toʼgʼrisidagi Farmonlari xalqimizning insonparvarlik, bagʼrikenglik, kechirimlilik kabi oʼziga xos qadriyatlarining chin maʼnodagi yuksak namunasi boʼlmoqda. Bunga joylarda mazkur hujjatning mazmun-mohiyatiga bagʼishlab oʼtkazilayotgan tadbirlar, aholi bilan bevosita muloqotlarda oddiy odamlar bildirayotgan minnatdorlik soʼzlari yaqqol misol boʼla oladi.
Bundan koʼzlangan maqsad - faqat mahkumlarni yoki bilib-bilmay jinoyatga qoʼl urgan shaxslarni jazodan ozod qilish emas, balki ular tufayli jabr tortadigan har bir oila va oila aʼzolari, ayniqsa, oʼsib kelayotgan oʼgʼil-qizlarning kelgusi taqdirini hamda ularning kelajagini turli salbiy taʼsir va jiddiy sinovlardan himoya qilishdan iboratdir.
Uzoqqa bormasdan, soʼnggi yillar davomida sud-huquq sohasini isloh qilish borasida amalga oshirilgan islohotlarga toʼxtalsak.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarib, Oʼzbekistonda inson huquq va erkinliklarini toʼliq hamda ishonchli himoya qilishni taʼminlash borasida yangi davrni boshlab berdi.
Jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual va boshqa qonun hujjatlariga inson huquq va erkinliklari ustuvorligini taʼminlash, sud muhokamasini adolatli va oʼz vaqtida oʼtkazish, jazoning adolatli va insoniyligi kafolatlarini kuchaytirishni inobatga olgan holda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator oʼzgartishlar kiritildi.
“Xabeas korpus” instituti qoʼllanishini yanada kengaytirish doirasida prokurorlarning pochta-telegraf joʼnatmalarini xatlab qoʼyish va eksgumatsiya qilish kabi tergov harakatlarini oʼtkazishga sanktsiya berish boʼyicha vakolatlari sudlarga oʼtkazildi. Bu oʼzgartishlar insonning shaxsiy huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʼyishga hech kim haqli emasligi haqidagi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan printsip va normalariga toʼla mos keladi.
Sudda ish yuritish tezkorligi va sifatini oshirish, ish boʼyicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatlarini asossiz kechiktirishni bartaraf etish, sudlarning jinoyat protsessidagi rolini oshirishga qaratilgan yangilik sifatida sud tomonidan jinoyat ishini qoʼshimcha tergovga qaytarish institutining bekor qilinganligini alohida taʼkidlash joiz.
Shuningdek, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini qayta koʼrib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish, sud protsessi muddatlari va sifatiga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi ortiqcha oraliq instantsiyalarni bartaraf etish maqsadida viloyat darajasidagi sudlar tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlarini nazorat tartibida qayta koʼrish boʼyicha bir-birini takrorlovchi instantsiyalari tugatilib, oʼz navbatida tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilindi.
Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni koʼrib chiqishga vakolatli boʼlgan yangi sud tizimi, maʼmuriy sudlar shakllantirildi.
Sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlari qoniqarsiz darajada tashkil etilganligi sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayotganligi hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelayotganligi, shuningdek, sudьyalarni moddiy taʼminlash va ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi sud hokimiyatining alohida mavqei va obroʼsiga, sudьyalar mustaqilligi printsiplariga muvofiq emasligi kasbiy oʼsishni yanada ragʼbatlantirishga toʼsqinlik qilib, kadrlar qoʼnimsizligiga olib kelayotganligi inobatga olinib, 2018 yil 13 iyulda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” Farmoni qabul qilindi. 2020 yilning 24 iyulь kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida"gi Farmon sohada olib borilayotgan islohotlarning davomi boʼldi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi "Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi Farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarib, Oʼzbekistonda inson huquq va erkinliklarini toʼliq hamda ishonchli himoya qilishni taʼminlash borasida yangi davrni boshlab berdi desak, mubolagʼa boʼlmaydi.
Jizzax tumanlararo
maʼmuriy sudi sudʼyasi
А.J.Karajanov