“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-89-sonli farmonining mazmun mohiyati.
Ushbu farmonga muvofiq Sudьyalar oliy kengashiga Oliy sud bilan birgalikda 2025 yil 1 yanvariga qadar tergov sudьyasi lavozimi joriy etiladigan sudlarning yuqori malakali va masʼuliyatli kadrlar bilan toʼldirishini taʼminlash yuklatildi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab, jinoyat ishlari boʼyicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudьyalari jinoyat ishlari boʼyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanktsiya berish masalalari, yaʼni, qamoqqa olish yoki uy qamogʼi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʼllash, qamoqda saqlash yoki uy qamogʼi muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʼxtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf joʼnatmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʼrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʼgʼrisidagi va boshqa iltimosnomalarni koʼrib chiqadi.
Shuningdek, tergov sudьyalariga maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʼrib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda.
Bu bilan jinoyat ishlari boʼyicha birinchi instantsiya sudlar sudьyalari oʼrtasida ish hajmi mutanosibligini toʼliq taʼminlashga erishiladi.
Sudьyalar tomonidan jinoyat ishlarini koʼrish davomida ish boʼyicha isbotlanishi lozim boʼlgan barcha holatlar sinchkovlik bilan toʼla va xolisona tekshirib chiqilishi, sudlanuvchilarning barcha vajlari tekshirilishi va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni toʼliq koʼrib chiqilishi uchun zamin yaratadi.
Farmonga muvofiq, tergov sudьyasi oʼz faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga boʼysunishi hamda tergov sudьyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʼliq boʼlmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yoʼl qoʼyilmasligi belgilandi.
Bunda tergov sudьyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudьyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilishi, tergov sudьyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpogʼiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari tomonidan amalga oshirilishi hamda qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinch-totuvligini taʼminlash tergov sudьyasi faoliyatining asosiy yoʼnalishlaridan biri etib belgilandi.
Qabul qilingan mazkur farmonga asosan yangi kiritilayotgan oʼzgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini toʼliq taʼminlagan holda, jinoyat ishlari boʼyicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirilishiga hamda sudьyalarning jinoyat ishlarini koʼrib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishlarida keng imkoniyatlar yaratadi.
Shu bilan birga, sud-tergov amaliyoti inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash boʼyicha samarali mexanizmlar toʼliq ishga solinmaganligi, shuningdek, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli taʼminlash choralarini kuchaytirish zarurati mavjudligini koʼrsatmoqda.
Jizzax tumanlararo
maʼmuriy sudi raisi
А.F.Urinov